"…O’sh viloyati qirg‘izlari aroqqa qo‘shib berilgan milliy mumtozlik zaharg‘oyasidan bangilardek quturib, qurolsiz o‘zbek qardoshlari qonini to‘kdilar”.
Shavkat Rahmon, 1990-yil
O’shlik marhum adib Shavkat Rahmon shu satrlarni yozayotganida Qirg’izistondagi qonli etnik nizolar oradan 20 yil o’tib O’shda yana qayta takrorlanishi yetti uxlab tushiga kirmagan bo’lsa keak. 1990-yil yuzlab o’zbeklarning yostig’ini quritgan etnik mojaroda yuz bergan xunrezliklar, ko’z ko’rib, quloq eshitmagan vahshiy qiynoqlar va qotilliklar roppa-rosa 20 yildan keyin shu o’lkada aql bovar qilmaydigan darajadagi o’xshashlik bilan takror sodir etidi. Qizig’i, har ikki mudhish ommaviy qirg’in ham iyun oyida sodir etilgan.
Keling, yaqin o’tmishda sodir bo’lgan bu mudhish qirg’in tafsilotlarini qisqacha yodimizga solsak…
O’zbeklar Qirg’izistonda son jihatdan ikkinchi yirik etnik guruh (2-jadvalga qarang). Janubiy Qirg’iziston aholisining salmoqli qismini tashkil etuvchi o’zbek aholisi O’sh va O’zgan kabi janubiy viloyat shaharlarida ko’pchilikni tashkil etadi (3-jadval).
Janubiy viloyatlarni qirg’izlashtirish, shaharlardan va serhosil yerlardan o’zbeklarni siqib chiqarib, ularni qirg’izlarga qayta bo’lib berish siyosati hukumat va mahalliy qirg’iz aholisi orasida ko’plab tarafdorlarga ega. Etnik qirg’in ortida turgan asosiy sabablardan biri ham mana shu edi…
1990-yilning may oyida o’shlik 12 ming "uysiz” qirg’izni birlashtirgan "O’sh aymog’i” jamiyati O’shdagi yerlarni qayta bo’lish va o’zbeklarga tegishli joylarni qirg’izlarga berish talabi bilan chiqadi. O’sh viloyat kommunistik partiyasi qo‘mitasining arzandasi bo’lgan bu tashkilot o’zboshimchalik bilan o’zbeklarga qarashli 32 gektar yerni egallab oladi. Bundan qoni qaynagan o’zbek kolxozchilari norozilik bildirib dalaga yig’iladi. "O’shdan qirg’izlarga yer berilyapti”, degan xabar tarqatilib, maydonga qirg’iz olomoni ham oqib kela boshlaydi. Qirg’iz hukumati masala bo’yicha so’nggi qaror besh kundan keyin e’lon qilinishini aytib, har ikki tomonni 4-iyun kuni shu yerga qayta yig’ilishga chaqiradi.
Mana shu besh kun ichida shaharda g’alati voqealar ro’y beradi. O’zbek xonadonlarida ijaraga turadigan 2372 qirg‘iz shahardan olib chiqiladi. Viloyatda, "o‘zbeklar qirg‘izlarni O’shdan haydab chiqardi”, degan mish-mish tarqatiladi.
O’sh va O’zganda 2 ming dona qizil peshonabog‘ tikiladi. 2-iyunda O’shdagi aroq zavodidan «Kamaz» mashinasida vagonga yuklash uchun jo‘natilgan 254 yashik aroq vagonga yetib bormasdan yo’lda g’oyib bo’ladi. O’zgandagi tekis yo‘lga samosvallardan qo‘lga kiradigan katta-katta toshlar to‘kiladi. Viloyat, shahar rahbarlari oilalari Bishkekka jo‘natiladi. 1, 2, 3-iyun kunlari O’sh shahriga 3 ming qirg‘iz qalbaki propiska qilinadi.
"Arzimiz tinglanadi, muammo qonuniy yo’l bilan hal etiladi”, deb ishongan o’zbek aholisi 4-iyun kuni bedapoyaga yig’iladi. Ular orasida keksalar, bolalar, chaqaloq ko’targan ayollar ham bor edi.
Qoni qaynagan olomon o’rtasida g’ala-g’ovur boshlanadi. "Bizga yordamga kelganlarni bedapoyaga o‘tkazishmayapti”, deb 200 ga yaqin o‘smir olomondan uzilib chiqadi va oldinga o‘n qadam yuradi. Allaqachon bedapoyada tizilgan qo‘shin odamlarga qarab o‘q uzadi. Shu yerdayoq 7 o‘zbek o‘ladi, 20-30 tasi yaralanadi. Shu payt, kimdir «shaharda uylaring yonayapti», deb baqirib kelganida, o‘zbeklar o‘lgan va jarohatlanganlarni ko‘targancha, shahar markaziga qarab yuguradi…
Qirg’in mana shu yerdan boshlanadi. Qochayotganlar ko‘p qavatli uylar orasida «pistirma»ga yo‘liqadi. Qizil peshonabog‘ taqqan «jazo otryadlari» duch kelgan o’zbekni armatura bo‘laklari bilan urib o‘ldira boshlaydi. Orqaga qochganlar izma-iz kelayotgan melisalar o‘qiga uchadi. Bedapoyadagi uch mingga yaqin qirg’iz o‘zbek mahallalariga, ko‘p qavatli uylardagi ilgaridan shartli belgi qo‘yilgan o‘zbek xonadonlariga hujum boshlaydi.
4-iyunda boshlangan qora qirg‘in 5-iyun peshingacha davom etadi. Ikki kun ichida Furqat mahallasida 51 xonadon talanadi. Qo‘y-mollari so‘yib yeyiladi, unga shisha talqoni, moyga kir poroshogi aralashtiriladi. Qur’on kitoblari hojatxonaga tashlanadi. Dahshatli qiynoq va xo’rlash vositalari ishga solinadi. Ota-onalarning tomog‘iga pichoq qadab turib, besh-olti xonadon ayollari, qizaloqlargacha ommaviy zo‘rlanadi.
O’sh fojialari bo‘yicha Qirg’iziston respublikasi favqulodda qo’mitasi axborotiga ko’ra, O’zganda 200 ga yaqin o‘zbek o‘lgan, 1200 tasi yarador bo‘lgan, 92 xotin-qiz zo‘rlangan. 343 xonadon avval talanib, keyin kuydirilgan; jami 503 xonadon, 88 avtomashina, 36 ob’ekt, 212 qora mol yondirilgan. Butun viloyat bo’yicha qurbonlar soni bundan ham ko’p (1-jadvalga qaralsin).
Bu 20-yil muqaddam Janubiy Qirg’izistonda sodir bo’lgan dahshatli qirg’in manzarasi. Hozir qo’limizdagi mavjud ma’lumotlar joriy yildagi qonli voqealar ham to’laligicha 1990-yilgi qirg’in ssenariysi asosida amalga oshirilganini ko’rsatmoqda. Qirg’in boshlanishiga turtki bo’lgan sabablar, qotillik ko’lami, qo’llanilgan qiynoq va tahqirlash usullari go’yoki har ikki voqea bir odam tomonidan yozilgan ikki asarga o’xshaydi.
Quyida 1990 va 2010-yillarda sodir etilgan bu ikki jinoyatning qiyosiy tahlilini jadvalda aks ettirishga harakat qidik (1-jadval). 1990-yilgi qirg’in tafsilotlarini osha davrda o’zbek matbuotida e’lon qilingan materiallardan tikladik. Joriy yildagi mojaro raqamlarini tayyorlashda esa Qirg’iziston hukumati tarqatgan rasmiy axborot bilan cheklanishga qaror qildik. Aslida qurbonlar soni va jinoyatlar ko’lami bundan ancha yuqori ekani aniq. Masalan, shu yilgi qirg’inda halok bo’lganlar soni Qirg’iziston Sog’liqni saqlash vazirligi tarqatgan rasmiy ma’lumotga ko’ra 371ta. Lekin "Kommersant Biznes” nashrining Qirg’iziston Bosh vaziri o’rinbosari Azimbek Beknazarovga tayanib xabar berishicha, qurbonlar soni mingga yaqin. O’shlik huquq faollarining norasmiy hisob-kitoblariga ko’ra esa qirg’inda halok bo’lgan o’zbeklar soni 2000 dan ziyoddir. Ayol-qizlarning, jumladan voyaga yetmagan bolalar va erkaklarning zo’rlangani haqida bir qancha voqealar ro’yxatga olingan. Lekin ularning umumiy soni haqida rasmiy ma’lumot e’lon qilingani yo’q. Jadvaldagi 2010-yilgi zo’rlanganlar soni BMT e’lon qilgan dastlabki kuzatuv natijalaridan olingan. 1990-yilgi qirg’in keltirgan moddiy zarar miqdori Sovet rublining AQSh dollariga nisbatan o’sha davrdagi qiymati bo’yicha berildi.
Hozirgacha oshkor etilgan dastlabki rasmiy raqamlarning o’zi bu galgi jinoyat ko’lami 1990-yilgi qirg’indan ancha katta va vahshiyroq bo’lganini ko’rsatmoqda. Qizig’i, hozirgacha qo’zg’atilgan jinoiy ishlari soni 1990-yilgi miqdordan ancha kam (1-jadval).
Tergov ishlari davom etmoqda. Vaqti kelib, haqiqiy jinoyat tafsilotlari va qirg’in ko’lami haqidagi aniq ma’lumotlar yuzaga chiqadi, deb ishonamiz. Qirg’iziston hukumati jinoyatchilarni topib, ularga adolatli jazo berishni va’da qilmoqda. Haqiqatdan ancha yiroq bu da’volar amalga oshgan taqdirda ham, ikkinchi bor aldanib ko’ksiga pichoq urilgan oddiy xalqni yarashtirish va bu yerda ilgarigi xotirjam va osuda hayotni qayta tiklash endi amrimahol.
![qiyosiy-tahlil](http://kundalik.files.wordpress.com/2010/08/1-jadval.png?w=500&h=796)
Qirg’iziston janubidagi qonli voqealarning qiyosiy tahlili: 1990 va 2010-yillar
![Qirg'iziston-aholisi](http://kundalik.files.wordpress.com/2010/08/2-jadval_2.png?w=500&h=412)
![Janubiy-Qirg'iziston aholisi](http://kundalik.files.wordpress.com/2010/08/3-jadval.png?w=500&h=503)
Manba: Kundalik blogi
http://uzbektragedy.com/uz/?p=167