Bashorat va haqiqat
Markaziy Osiyoning tabiiy sharoiti muchal hisobini yaratishga sabab bo‘lgan. Ko‘chmanchi xalqlarning turmush tarzi chorvachilik bilan bog‘liq kechgani uchun ushbu soha istiqbolini belgilash, keskin-kontinental iqlim sharoitida uzoq muddatli ob-havo prognozlarini ishlab chiqish zarurati bunda asosiy omil bo‘lgan.
«Devoni lug‘atit turk»da yozilishicha, turkiylar muchal yillarining har birida nedir hikmat bor deb o‘ylaganlar. Masalan, sigir yilida urush ko‘payarmish, chunki ho‘kizlar bir-biri bilan ko‘p suzishadi. Bu yilda yomg‘ir-qor ko‘p yog‘adi, farovonlik bo‘ladi. Qish uzun keladi. Tovuq yilida ovqat ko‘p bo‘ladi. Chunki tovuqning yemishi dondir, tovuq donni topish uchun yer titadi. Timsoh (Nahang) yili kirganida ko‘p yomg‘ir yog‘adi. Chunki timsoh suvda yashaydi.
Keyinchalik, ayniqsa, hozirgi kunda muchalning mana shu xususiyati ko‘pchilikka yoqib qoldi. Bugunning odami «muchal» deganda, odatda, yillik bashoratlarni tushunadi. Bu esa azaldan din namoyandalarining haqli e'tiroziga sabab bo‘lgan va muchalning xurofot deya izohlanib, taqiqlanishiga olib kelgan. Aslida, o‘n ikki hayvonli turk taqvimining fol ko‘rish bilan hech qanday aloqasi yo‘q. Mazkur irimlar aslo folbinlik emas, balki xalqning asriy tajribalarini o‘zida mujassamlashtirgan falsafiy tafakkuridir. Inson tabiatning bir bo‘lagi, tabiatdagi o‘zgarishlar bizga ta'sir etmay qolmaydi. Shunday ekan, «falon yil unday keladi, fiston yil bunday keladi» kabi bashoratnamo gaplar aslida uzoq kuzatuvlar xulosasi, ilmiy prognozlardir. Bashoratlar aynan yil sohibi bo‘lmish hayvonning muhim xislati bilan bog‘liq ekani esa muchal yillarini nomlashda yetmish o‘lchab, bir kesilganidan darak. Qolaversa, muchal hisobi boshqa madaniyatlarga o‘tishi bilan ba'zi o‘zgarishlarga uchragan. Muayyan madaniyatning o‘ziga xos ijtimoiy-tarixiy va tabiiy-jo‘g‘rofik sharoitidan kelib chiqib, yillarning xislatlari ham bir-biridan farqlanadi. Masalan, Oltoy qozoqlari Sigir yili mo‘‘tadil kelishiga, qorachoylar esa yomon yil bo‘lishiga ishonadi.
Sichqon o‘rniga o‘rgimchak
Har bir madaniyat o‘n ikki hayvonli turk taqvimini o‘ziga moslab qabul qiladi. Qaysi hayvon ko‘proq ardoqlansa, uning nomi muchalga kiritilgan. Turkiylardagi quyon xitoylarda mushukka, sichqon esa kalamushga, baliq afsonaviy ajdahoga "aylanadi". Misrda sichqon o‘rnini mushuk, ot o‘rnini eshak egallaydi. Hakaslarda Yo‘lbars emas, Tulki yili, Baliq emas, Kaltakesak yili, Maymun emas, Odam yili, cherkaslarda Sichqon emas, O'rgimchak yili ishlatiladi. Mo‘g‘ullar muchalni qoplon (yo‘lbars) bilan boshlaydi, tibetliklar esa quyondan.
Muchal hisobi olimlar o‘ylagandan ancha ilgari ixtiro qilingan ko‘rinadi. Chunki qarindoshlarimiz Amerika hindulari - atsteklar ham o‘n ikki hayvonli taqvimga o‘xshash yil hisobidan foydalangan ekan. Mayalar kalendari bizni yana ham hayratga soladi. Ular kunni (har ikki ma'nosida) «k`in» deyisharkan. Oy nomlaridan biri «yashk`in» - «yangi quyosh (yosh kun)» deb ataladi. Yana, bu qabila taqvimida «it», «qoplon», «ajdarho», «sichqon», «bug‘u» kabi hayvon nomlari ham uchraydi.
Xullas, o‘n ikki hayvonli turkiy taqvim o‘rta asrlardayoq butun Sharq xalqlariga tarqaldi va faol qo‘llanila boshladi. Bugungi globallashuv davriga kelib esa "o‘zimizning" muchal "bizning" muchalga aylandi.
Farrux Hasan o‘g‘li
Sichqon | Sigir | Yo‘lbars | Quyon | Baliq | Ilon | Ot | Qo‘y | Maymun | Tovuq | It | To‘ng‘iz |
1948 | 1949 | 1950 | 1951 | 2024 | 1953 | 1954 | 1955 | 1956 | 1957 | 1958 | 1959 |
1960 | 1961 | 1962 | 1963 | 1964 | 2025 | 1966 | 2027 | 1968 | 1969 | 1970 | 1971 |
1972 | 1973 | 1974 | 1975 | 1976 | 1977 | 1978 | 1979 | 1980 | 1981 | 1982 | 1983 |
1984 | 1985 | 1986 | 1987 | 1988 | 1989 | 1990 | 1991 | 1992 | 1993 | 1994 | 1995 |
1996 | 1997 | 1998 | 1999 | 2000 | 2001 | 2002 | 2003 | 2004 | 2005 | 2006 | 2007 |
2008 | 2009 | 2010 | 2011 | 2012 | 2013 | 2014 | 2015 | 2016 | 2017 | 2018 | 2019 |