Осмонимиз ҳамиша мусаффо бўлсин!
 Каталог статей
Главная » Статьи » Мои статьи

Besh Muchal yoxud Inson Asri (davomi)


Turkiy talqin

O'n ikki hayvonli turk taqvimi musulmon adabiyotlarida «ta'rixi turkiy», «ta'rixi Turkiston», «soli turkon», «ahkomi soli turkon» singari nomlar bilan tilga olingan. O'n ikki hayvonli turkiy taqvimning kelib chiqishi haqida gap borganda, barcha olimlar Mahmud Koshg‘ariyning «Devoni lug‘atit turk» asaridagi talqinni chetlab o‘tmaydilar. Sultonmurod Olim «Bayroq, burj, burch» nomli kitobida o‘sha rivoyatning hozirgi adabiy tilimizdagi tabdilini shunday keltirgan:  

«Turklar o‘n ikki xil hayvon ismini o‘n ikki yilga qo‘yganlar. Tug‘ilishi, jang ta'rixlari va boshqalarni ana shu yillar aylanishidan hisoblaydilar. Buning kelib chiqishi shunday: turk xoqonlaridan biri o‘zidan bir necha yil oldin o‘tgan urushni o‘rganmoqchi bo‘lgan, shunda u urush bo‘lib o‘tgan yilni aniqlashda yanglishgan. Bu masala yuzasidan (hoqon) qavmi bilan kengashdi va aytdi: «Biz bu ta'rixni (aniqlashda) qanchalik yanglishgan bo‘lsak, bizdan keyin ham shunday yanglishadilar. Shunday bo‘lgach, biz endi o‘n ikki oy va osmondagi o‘n ikki burjga asoslanib, o‘n ikki yilga nom qo‘yishimiz kerak, toki bizdan keyin yil hisobi shu yillarning aylanishiga qarab olinsin va bu narsa abadiy bir yodgorlik bo‘lib qolsin», deyishdi.

Xoqon ovga chiqdi va odamlarga vahshiy hayvonlarni Ila daryosi tomon quvishni buyurdi, bu juda katta suv. Odamlar ov qilib, hayvonlarni hayday boshladilar, shunda o‘n ikki hayvon suvdan o‘tdi. O'n ikki yilni ana shu o‘n ikki hayvon ismi bilan atadilar. Eng oldin suvdan o‘tgan hayvon sichqon bo‘ldi. Shuning uchun yil boshi uning nomi bilan ataldi, shu so‘zga yil qo‘shib, Sichqon yili deb atadilar. Undan keyin o‘tganlari quyidagi tartibda bo‘ldi:

Ud (sigir) yili,

Bars (yo‘lbars) yili,

Nek (timsoh, hozir baliq deyiladi) yili,

Yilon (ilon) yili,

Yund (ot) yili,

Qo‘y yili,

Bijin (maymun) yili,

Taqag‘u (tovuq) yili,

It yili,

To‘ng‘iz yili.

To‘ng‘izga yetgandan keyin hisob yana sichqon yilidan boshlanadi».

O'zbeklar orasida tarqalgan afsona biroz hazilga yo‘g‘rilgan. Unga ko‘ra, ho‘kiz suvdan birinchi chiqdim, endi muchal men bilan boshlanadi, deb xursand bo‘lib turganida, uning shoxidan sichqon tushib kelibdi. Shunday qilib, kuchiga ishongan ho‘kiz emas, aql bilan ish tutgan sichqon muchalni boshlab beradigan bo‘libdi.   

Kun - oy - yil - muchal

Mahmud Koshg‘ariy keltirgan rivoyat xalq og‘zaki ijodiga mansub bo‘lgani uchun masala juda oson hal etilgan. Aslida, muchal hisobi zamirida ajdodlarimizning chuqur ilmiy tafakkuri, uzoq yillik kuzatish va hayotiy tajribalari yotibdi. Ma'lum bo‘lishicha, qadimda turkiy qavmlar yerga yaqin yulduzlar - yetti sayyorani yaxshi bilishgan. Darvoqe, tep-tekis cho‘lda yashaydigan xalqlar uchun yulduzlar yo‘l ko‘rsatkich vazifasini o‘tardi. Yulduzlarga qarab, osmon jismlaridan ayrimlarining turg‘un, boshqalarining harakatlanishini, tabiatdagi ko‘p hodisalarning takrorlanib turishini, qisqasi, Vaqtni anglay boshladilar.

Bizningcha, ota-bobolarimiz o‘zlari uchun kashf etgan ilk vaqt o‘lchovlaridan biri "kun". U quyosh (kun)ning chiqib botguniga qadar bo‘lgan muddatni o‘z ichiga oladi. «Kun» so‘zining omonimligi ham shundan. (Kun - vaqt o‘lchov birligi. Kun - quyosh). Turkiylarda «sutka» ma'nosida ham «kun» so‘zi ishlatilgan. Yangi Oy ko‘ringandan e'tiboran boshlangan birinchi kun, ya'ni sutka ertasi kun quyosh botgunicha davom etadi (Oy birinchi kuni quyosh botayotganda shafaqda ko‘rinadi). Ufqda shafaq yo‘qolgach, oyning ikkinchi kuni boshlanadi. Sutkani hisoblash shu taxlit davom etadi. Hozir ham qishloqlarimizda keksalar tushdan keyin - quyosh g‘arbga oqqach, keyingi kun kirganini aytishadi. Masalan, payshanba peshindan keyin «juma kirdi» deyiladi.

Dastlab oy (vaqt o‘lchov birligi) Yerning tabiiy yo‘ldoshiga qarab aniqlangan. Shuning uchun Yer tabiiy yo‘ldoshining nomi ham "oy", uning bir hilol holida ko‘rinish berganidan, ikkinchi bor shu holda chiqqunigacha ketgan muddat ham "oy" deya ataladi. Bilga qoon bitigida shunday jumlalar bor: «Kanim it yil (734 y) onunch ay alti otuzka ucha bardi. Lagzin yil (735 y) bishinch ay yiti otuzka yog erturtum» - «Otam xoqon it yili o‘ninchi oyining yigirma oltisida vafot etdi. To‘ng‘iz yili beshinchi oyining yigirma yettisida janoza marosimlarini tamomladim». Demak, VIII asrda turklar oylarga qo‘shimcha nom bermay, tartib soni bilan birga ishlatgan. Bunday odat ba'zi xalqlarda, xususan, yaponlarda hanuzgacha amalda. Qadimgi turkiy manbalarda hafta kunlari tilga olinmagan. Mahmud Koshg‘ariyning guvohlik berishicha, hafta kunlarini nomlash islomdan so‘ng taomilga kirgan. Yana bir qiziq holat: qadimgi turklar sanani «alti otuzka» - «olti (yigirmadan) o‘ttizga (qarab)», «yiti yegirmeke» - «etti (o‘ndan) yigirmaga (qarab)» tarzida aytishgan ekan (birinchi holatda «yigirma oltinchi», ikkinchi holatda «o‘n yettinchi» ma'nosini beradi). Bu ruslarning soatni aytish tartibi («desyat minut dvenadtsatogo», «sem minut sedmogo»)ga o‘xshaydi...

Xalq ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan rivojlana borgani sayin uzoqroq muddatli vaqt birliklariga ehtiyoj tug‘ilishi tabiiy. Xullas, kichik kashfiyotlar ancha mukammal vaqt hisobi - muchalni ixtiro qilish tomon yo‘l boshlaydi.

Turkiylarning olamshumul ixtirosi

O'n ikki hayvonli turk taqvimi uchta tabiiy ko‘rsatkichga: oy - Oyning Yer atrofida aylanishi, yil - Yerning Quyosh atrofida aylanishi, muchal esa Mushtariy (Yupiter)ning Quyosh atrofida aylanishiga asoslanadi. Qadimda turk astronomlari Yerga yaqin yirik yulduzlardan biri Mushtariy planetasining («planeta» so‘zi ham «yaqin» ma'nosini anglatadi) Quyosh atrofida to‘liq aylanishi taxminan 12 yilga to‘g‘ri kelayotganini aniqlashgan. Saturn esa 30 yilda Quyosh atrofini bir marta aylanib chiqishidan ham yaxshi xabardor bo‘lishgan. Qadimgi turklar mana shu tabiiy davrlarga asoslanib o‘zlarining taqvimini yaratishdi.

O'n ikki hayvonli turkiy taqvim yil va muchal hisobi bo‘yicha shamsiy kalendar sanaladi. Lekin oylar qamariy hisob bilan yuritiladi, ya'ni bir oy 29-30 kunga teng. Bir muchalda esa 148-149 qamariy oy bor. 12 qamariy oy 354 kun bo‘lib, shamsiy yildan 11 kunga kam. Shu bois har uch yildan so‘ng o‘n uchinchi oy ham qo‘shilgan. Demak, muchal hisobi qamariy-shamsiy taqvimlar sirasiga kiradi. Manbalarda yozilishicha, Ko‘kturklar davridan boshlab (VIII asr) to‘liq shamsiy yil hisobiga o‘tilgan.   

Shunday qilib, 12 oy - bir yil, 12 yil - bir muchal, 5 muchal esa bir davr (ya'ni, Saturnning ikki aylanishi)ga teng kelardi. Muchal so‘zining ma'nosini shu o‘rinda anglash mumkin, ya'ni mucha - qismdir: 60 yilning beshdan bir qismi. Bir davrni 100 yil emas, aynan 60 yil qilib olinishida ham hikmat bor. Chunki, odatda, bir inson umri taxminan 60 yilga teng va bu «Inson asri» ham deb yuritiladi.

Muchal zamiridagi hikmat

Taqvim bu faqatgina vaqt o‘lchov birligi emas, balki unda xalqning falsafiy qarashlari, diniy e'tiqodi, tarixiy turmush tarzi, badiiy tafakkuri ham mujassamlashadi. Masalan, odam bir muchal yoshigacha - bola, ikkinchi muchal payti (13-24 yosh) - o‘smir, uchinchi va to‘rtinchi muchalda (25-36 yosh, 37-48 yosh)  o‘rta yashar, beshinchi muchal - 49-60 yoshda esa keksa bo‘ladi. Mutaxassislar fikricha, har bir muchal yoshida odam organizmi muayyan o‘zgarishlarga duch keladi. Muchaldan muchalga o‘tish yili inson umrining qaltis davri sanaladi. Bu vaqtda odam turli xastaliklardan kam himoyalangan bo‘ladi. Organizmdagi yashirin kasalliklar qo‘zg‘alishi, zaif muchalar pand berib qo‘yishi mumkin. Muchal yoshlari zamonaviy meditsinada odam organizmi garmon tizimining «qayta qurish» davri hisoblanadi. 12 yosh - jinsiy yetuklik davrining boshlanishi bo‘lsa, 24-25 yoshda bo‘y o‘sishdan, 48 yoshda esa organizm reproduktiv faoliyatdan to‘xtaydi. Mifologik qarashlarga ko‘ra, muchal yoshlarida o‘lim va tug‘ilish - yangilanish kuchlari to‘qnasharkan. Demak, keksalarimiz ba'zan hazil aralash: «Oltmishdan o‘tib olsam, uzoqqa ketaman. Oltmish yomon-da!» deb qo‘yishlari ham bejizga emas ekan.

Muchaldan muchalga o‘tish turkiy xalqlarda milliy an'analar bilan bog‘liq holda kechgan. Odam yangi maqomga ko‘tarilgan (masalan, qardosh qozoqlarda uchinchi muchalga o‘tgan er kishi «qorasoqol», beshinchi muchalga o‘tgan er kishi «oqsoqol» deb ataladi), ijtimoiy roli oshgan, jamiyatdagi o‘zaro munosabatlarda ham unga nisbatan muomala o‘zgargan.

Категория: Мои статьи | Добавил: Sultonbek (10.12.2009)
Просмотров: 3338 | Рейтинг: 2.8/5
Всего комментариев: 0
Добавлять комментарии могут только зарегистрированные пользователи.
[ Регистрация | Вход ]
Суббота, 11.05.2024, 19:20
Приветствую Вас Мехмон
Главная | Регистрация | Вход
Facebookдаги адрес
Меъморий обидалар
Ўзбеклар Уюшмаси
Сайт бўйлаб излаш
Статистика

Онлайн всего: 1
Гостей: 1
Пользователей: 0

Copyright MyCorp © 2024
Сделать бесплатный сайт с uCoz