Осмонимиз ҳамиша мусаффо бўлсин!
 Каталог статей
Главная » Статьи » Мои статьи

Besh Muchal yoxud Inson Asri
 Paradoksni qarang: muchal hisobi ommaviy madaniyatning bir bo‘lagiga aylanib, yana o‘zimizga qaytib keldi. Endi o‘n ikki hayvonli taqvim haqidagi ma'lumotlarni ruscha, inglizcha manbalardan topib o‘rganayapmiz. Achinarlisi, «zamonaviy» o‘zbeklar chetdan kirib kelayotgan axborotni yutoqib «iste'mol» qiladi, taassurot ham shunga yarasha bo‘ladi: ularga qolsa, aslida bobomeros - o‘zimizning muchal Xitoy yoki Yaponiyaning, nari borsa, Sharq xalqlarining umumiy taqvimidir.

Yana, muchalni yangi yilboshi - 1 yanvardan yuritish odat tusiga kirdi. Aslida, turkiylar taqvimida yilboshi bahorgi teng kunlik 21 martdan boshlangan.  

Bir paytlar Markaziy Osiyo xalqlari foydalangan muchal hisobi bugunga kelib Yer yuzining barcha mintaqalarida katta qiziqish uyg‘otmoqda. Bu taqvim hatto bashoratgo‘y biznesmenlar e'tiboriga ham tushdi, muchal asosida yiliga ming-ming tonnalab fol kitoblari chop etilayotir. Har yili Yangi yil arafasida bozorlarni kelgusi yil sohibi bo‘lgan hayvon ko‘rinishidagi mahsulotlar bosib ketadi. Shu o‘rinda ayrim g‘alizliklarga yo‘l qo‘yilayotganga o‘xshaydi. Birinchisi, muchal yevropacha Yangi yil - 1 yanvarda emas, balki umumturkiy Yilboshi - 21 martda kiradi. Ya'ni, 2009 yil 21 martgacha tug‘ilgan farzandingizning muchali sigir emas, balki sichqon bo‘ladi. Turli bashoratnomalarni titkilashda adashmang, biz Navro‘zgacha sichqon muchalida qolamiz. Ikkinchi anglashilmovchilik biroz bahsli va ko‘pchilikni unchalik qiziqtirmaydi. Chunki bugun odamlar «uzumini yeng-u, bog‘ini surishtirmang» qabilida kun kechirmoqda. Aksariyatimiz internet yoki turli-tuman «folchi» kitoblardan yangi yilning o‘zimiz uchun qanday kelishini bilib olishga qiziqamiz. Ammo muchal hisobining qaerdan, qanday kelib chiqqani bilan unchalik ham ishimiz yo‘q. Xo‘sh, muchal qaerda paydo bo‘ldi va bunga nima zarurat bor edi? 

Nahang va ajdar olishuvi

Muchal hisobining kelib chiqishi borasida olimlar turli farazlarni bildirganlar. Bu taqvimga turkiy xalqlar va xitoylar asosiy da'vogar bo‘lib turibdi. O'n ikki hayvonli yil hisobining qadim Chindan tarqalgani haqidagi nazariyani ilgari surgan L.Bazin kalendar timsollaridan birining lu (ajdar) ekanini bosh dalil etib ko‘rsatadi. Hammamizga ma'lum, Xitoyning ramzi - afsonaviy ajdardir. Bazinning fikriga qarshi V.Eberxard ajdarning xun turklari davrida kult sifatida qabul qilinganini aytib, muchal kashfiyotchilari xunlardir, degan ilmiy qarashni o‘rtaga tashladi. Muchalning mana shu beshinchi yili ko‘pgina bahslarga sabab bo‘ladi. Koshg‘ariy uni nek - timsoh desa, xalqimiz nahang, katta baliq (kit) deb ataydi. Ba'zi xalqlarda hatto shilliqqurt deb ham nomlanadi. Ko‘pgina turkiy qavmlarda esa beshinchi yilning nomi - «ulu». Ilmiy jamoatchilik orasida mazkur so‘z xitoycha «ajdar» ma'nosini ifodalovchi «lu»dan kelib chiqqan, degan fikr hukmron. Lekin «ulu» turkiycha «ulug‘» so‘zining fonetik o‘zgargan shakli ekanligi ko‘rinib turibdi. Qolaversa, Xitoy taqvimida ajdar yili «lu» emas, «chen», koreyslarda esa «chin», vetnamlarda «txin», yaponlarda «tatsu» deyiladi. Ba'zi olimlar «ulu» turkiycha «ulu(g‘)» va «ulimoq» so‘zlarining ma'noviy uyg‘unlashuvi natijasidir, deb hisoblaydilar. Mutaxassislar fikricha, bu atama turk-mo‘g‘ul xalqlarining umumiy totemi bo‘lgan bo‘ri nomining tabu (taqiq) qilinishi sababli paydo bo‘lgan. O'zbeklarda ham yaqin-yaqingacha «bo‘ri»ni tilga olish taqiqlangan, uning o‘rindoshi sifatida «jondor», «qashqir» so‘zlari qo‘llanilgan. Yana, xalqimiz qari itlarning tunda osmonga qarab uvillashini: «Ajdodlari bo‘lmish bo‘rilarning qoni tortib uliyapti», deydi. Demak, «ulimoq» qashqirlarga xos. Turkiy madaniyatning barcha ko‘rinishi - mif va ertaklar, she'riy obrazlar, naqshu nigorlarda namoyon bo‘ladigan «ulu» aslida bo‘ridir. Garchi asoslar ko‘p bo‘lsa-da, ular beshinchi yil nomining dastlab «bo‘ri» bo‘lganini isbotlash uchun yetarli emas. Chunki yuqorida aytib o‘tilganidek, turkiy qavmlar bu yilni asosan «baliq» deb atashadi. Yana bir mulohaza: xalqimizning katta qismi «baliq yili» deyish o‘rniga «nahang yili» degan ifodani qo‘llaydi. Nahang - katta (ulug‘) baliq va bu so‘zning Koshg‘ariy tilga olgan «nek» (timsoh) bilan fonetik yaqinligi bor. Yana, ba'zi manbalarda bu yil «nehak» tarzida tilga olingan. Mazkur uch so‘z orasida o‘zaro bog‘liqlik bordek: nek - nehak - nahang. «Ulu»ning «ulug‘», «katta» ma'nosi borligi va xalqimizning «nahang»ni «katta baliq» deb tushunishini inobatga olsak, masala oydinlashgandek bo‘ladi. Navoiy asarlari lug‘atida «nahang»ning «timsoh» ma'nosi ham mavjudligi aytilgan. Bizningcha, muchalning beshinchi yilini «baliq» («nahang») deb atash to‘g‘riroq. Ilon va ajdarning birvarakayiga muchalga kiritilishida biroz mantiqsizlik ham bordek. Chunki ilonning kattasi ajdar deyiladi. Alqissa, ajdar yili xitoy taqvimida «lu» emas, «chen» deb atalishining o‘zi ham L.Bizanning da'vosini yo‘qqa chiqaradi.

Atoqli xitoyshunos olim Eduard Shavann o‘zining "Le Cycle turc des Douze Animaux" nomli tadqiqotida ko‘pgina xalqlar tomonidan keng qo‘llaniladigan o‘n ikki hayvonli taqvim qadim turkiylarga oid yil hisobi bo‘lgan, uni xitoylar turklardan o‘zlashtirgan, degan ilmiy xulosaga keladi. Olim taqvim ustida izlanish olib borarkan, uning yaratuvchilari - turkiylarning ibtidoiy tafakkuri bilan bog‘liq ko‘plab unsurlarga duch keladi. Eduard Shavannning aniqlashicha, o‘n ikki hayvonli taqvim Xitoy shimolidagi turk qabilalari orasida mil. avv. V asrda paydo bo‘lgan va mil. avv. II - I asrlarda Xitoyga yoyilgan. Frantsuz xitoyshunosining fikrini qadimgi turkiy bitiktoshlarni tadqiq etgan olim S.G.Klyashtorniy ham qo‘llab-quvvatlaydi. U o‘zining «Istoriya Sentralnoy Azii i pamyatniki runicheskogo pisma» kitobida turkiylarning vaqt birliklari haqida alohida to‘xtalib o‘tgan: «Qadimgi turk-run bitiklarida o‘n ikki yillik davriy taqvim nafaqat tilga olingan, balki faol qo‘llanilgan, voqea-hodisalarning yuz bergan oyi, hatto ba'zan kunigacha to‘liq yozilgan. VI asrda o‘n ikki yillik hayvonli tsikl Turk hoqonligining rasmiy davlat taqvimi edi. Yagona taqvimiy hisob-kitob - shamsiy yil 12 qamariy oyga bo‘linardi». «Yodgorliklarda yil ikki xil: xalq qahramonlari yashagan yillar bo‘yicha va o‘n ikki hayvonli tsikl bo‘yicha hisoblangan. Ikkinchi xoqonlik tarixidagi barcha voqealar favqulodda aniq yozib qoldirilgan. Garchi turklar muchalni xitoylardan olgan degan qarash bo‘lsa-da, ular Chin taqvimini ishlatmaganlar».

Professor Laslo Rashonining kuzatishlariga ko‘ra esa, o‘n ikki hayvonli taqvimning asosida turkiy yil hisobi tursa-da, keyinchalik turklar xitoylar tomonidan ilmiy mukammallashtirilgan taqvimni qayta qabul qilganlar.  Tan olish kerak, qadimgi Xitoyda ilm-fan, xususan, astronomiya yuksak rivojlangan edi. Shunday qilib, o‘n ikki hayvonli turkiy taqvim - muchalni o‘zlashtirgan xitoyliklar uni mukammallashtiradilar. Ularning yana bir yutug‘i shundaki, Xitoy o‘tmishi solnomalarda muntazam qayd etib kelingan, shu bois ham bu yurt tarixiy manbalarga boy. Tariximizdagi taloto‘plar tufayli muchal haqidagi ma'lumotlar ham bizgacha uzuq-yuluq yetib kelgan. Oqibatda, zamonaviy tsivilizatsiya muchal hisobini Xitoydan oldi va bugungi kunda u dunyoga xitoyliklar taqvimi sifatida taqdim etmoqda.

Категория: Мои статьи | Добавил: Sultonbek (10.12.2009)
Просмотров: 1323 | Рейтинг: 0.0/0
Всего комментариев: 0
Добавлять комментарии могут только зарегистрированные пользователи.
[ Регистрация | Вход ]
Суббота, 11.05.2024, 09:20
Приветствую Вас Мехмон
Главная | Регистрация | Вход
Facebookдаги адрес
Меъморий обидалар
Ўзбеклар Уюшмаси
Сайт бўйлаб излаш
Статистика

Онлайн всего: 1
Гостей: 1
Пользователей: 0

Copyright MyCorp © 2024
Сделать бесплатный сайт с uCoz