Осмонимиз ҳамиша мусаффо бўлсин!
 Каталог статей
Главная » Статьи » Шеърият

Muhammad Rahmon (1949-2010)

 Muhammad Rahmon 1949 yil Qashkadaryo viloyati, Kitob tumanidagi Palandara qishlog‘ida tug‘ilgan. O’zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi (2003). ToshDUning jurnalistika fakultetida taxsil olgan (1967— 72). «Muvozanat» (1976), «Yashil daryo» (1979), «Yuragimning dastxati» (1986), «Ijobat» (1984), «Asraganim, avaylaganim» (1987) kabi she’riy to‘plamlari nashr etilgan. Bolalar uchun ham asarlar yozgan («Momoqaymoq», 1978; «Yerga tushgan kamalak», 1981; «Qanotli tushlar», 1989). K. Chukovskiy, A. L. Barto she’rlarini, Lizoletta Velskof-Genrixning «Tokey Ito» romanini o‘zbek tiliga tarjima qilgan.



TAQVIM VARAQLAYOTGAN ODAM

Taqvim varaqlayotgan odam
Xomush tortishi kerak:
Umr o‘tyapti, umr!
Taqvim varaqlayotgan odam
O’yga tolishi kerak: 
Rozi qila oldimmi ota-onamni? 
Farzandlarim tarbiyasi nechuk? 
Tiq etsa eshikka termilib, 
Ko‘zlari yo‘limga to‘rt bo‘lmadimi 
O’sal yotgan birodarimning? 
Uchmadimmi shayton vasvasasiga,
Iymonim salomatmi?
So‘ngti manzilimga qo‘yib qaytsalar,
Yo‘lda birov astoydil kuyib,
Xo‘rsinib-xo‘rsinib ayta olarmi:
«Ketgan - qaytar,
Ketmonlagan qaytmaydi!»
...Men hali hammasini aytmadim, shoshmang,
O’zgacharoq o‘ylashi ham mumkin
Taqvim varaqlayotgan odam:
Tushlikni qaerdan qilsam ekan,
Erta kimning yiloshi edi?
O’tirib qolmadimmi bir joyda uzoq,
Kimning tagiga suv quysam ekan?..
Poyabzal qalashib yotar ostonasida nuqul,
Xudoning bergan kuni uyida mehmon -
Yombi topib olganmi yalangoyoq qo‘shnim?!
Chapqanot qo‘shnimiz - yolg‘iz ayolning
Eshik dastbandiga kecha allakim
Ilib ketdi bir savat oq gul! -
Sababi 8 martmikan faqat?..
...Vatan uchun osilib ketish,
Vatanga «osilib» ham yashash mumkin...
...Men hali hammasini aytmadim, shoshmang,
Sermulohaza bo‘ladi
Taqvim varaqlayotgan odam.
Deylik, garchi Ulug‘bek emas,
Al-Beruniy yoki Galiley,
Valekin munajjim ishtiyoqi-la
Kuzatib borishi mumkin u
Burjlarda quyoshning harakatini.
Taqvim varaqlaridan
Kunma-kun, soatma-soat
Kuzatib borish mumkin!
Masalan, javzoning yigirmanchisi:
Quyosh chiqishi - roppa-rosa besh.
Bir yarim - avji kamoli,
Vaqti zavoli - yetti yarim...
Yetkazgan kuniga shukur qilish kerak,
Tasannolar aytishi kerak
Hisobdon insonning zakovatiga
Taqvim varaqlayotgan odam.
Lekin...
Xulosasi boshqacharoq bo‘lishi ham mumkin.
Aytdim-ku, sermulohaza bo‘ladi
Taqvim varaqlayotgan odam.
Xususan, qalbini o‘ragan bo‘lsa
Kulcha ilon kabi hasad va g‘araz,
Kibru havo o‘ragan bo‘lsa.
Hamma va hamma narsaga,
Boringki, Quyoshga ham
Mefistofel nazari ila boqsa:
«Bilamiz, hoziru nozirsiz qaerda, qachon -
Bosgan qadamingiz o‘lchoqli!»

...Bir kiftimda rahmon, 
Bir kiftimda shayton –
O’zing insof bergil bandalaringga.

KO’HI PADARKUSH

Tutab yotar ko‘hi Padarkush*, 
Shamol uvlar mag‘oralarida. 
Ko‘rgan kabi xatarli bir tush 
Jilg‘alar to‘lganar jarlarda.

Cho‘zilgan hu, ufqqa qadar 
Qizg‘aldoqlar - uzun qonli iz. 
Bunda mungli qissalar aytar 
Har bir so‘qmoq, har maysa, yalpiz.

Ko‘rinmaydi yulduz-da, oy-da, 
Tahlikali kishnagan otlar... 
Ulug‘bekni xuddi shu joyda 
Quvib yetgan emish jallodlar!

O’g‘il - nonko‘r, qismat - beomon, 
Yoziqda yozgani o‘qilgan: 
Bu joylarda bir vaqt, bir zamon 
Ulug‘bekning qoni to‘qilgan!

...Tikilaman zirvalarga jim, 
Yurak-bag‘rim g‘ussalarga g‘arq... 
Sharq, rostdan ham noziksan, tilsim, 
Bilib bo‘lmas seni birdan, Sharq!

Himmat degan bo‘lar-da shuncha, 
Neklik bormi bundan ham ortiq –
Zeru zabar podsholaringga 
Haj safarin aylabsan tortiq!

Yig‘labsiqtab kom, anjom bilan 
Olis yo‘lga kuzatganing dam, -
Unutmabsan ular ortidan 
Hatto... qotil jo‘natishni ham!..
____________
*Hisor tizmalaridan birining nomi,  Urgut va Kitob tumanlari chegarasida.

* * *

Sen ham eslaysanmi goh qolib xoli, 
Qo‘msaysanmi ko‘ngil ko‘chalarini... 
Munavvar ayladi oydin xayoling 
Savdoli bu umrim kechalarini!

Sen ham eslaysanmi yoshligingni - sha’n, 
Rangi, iforini - nechuk edi ul? 
Meni mast qiladi qirq yil naridan 
Kitobing qatiga qistirilgan gul...

Obu otashidan dunyoni o‘tding, 
Bekaram, bir kam deb qarg‘arsan yomon... 
Sevgi-chi, ilk sevgi... nahot, unutding, 
Men esa sog‘inib yashayman hamon.

Nomalar bitardim senga bir talay, 
Qog‘ozga ishonib sirlarning sirin. 
Xatjildni yopardim shirachin yalab –
Xatjildlar o‘zingdek, so‘zingdek shirin!

Tonmayman bo‘g‘zimga botsa ham tishi, 
Eslab xo‘rsingulik yozim, kishim bor. 
Yo‘kdir dunyosining men bilan ishi, 
Mening bu dunyoda yo‘qlar kishim bor!
Sen ham eslaysanmi...

HAZRATI BISHIR HIKMATLARI

* * *

Ko‘p ko‘rganman jazavangni, shovushingni,
Ko‘tarmasang bo‘larmidi tovushingni.
Nasihating uchun qulluq...
O’ngu tersdir,
To‘fi kiyib olgin, bolam, kovushingni.

* * *

Ko‘klam - kechalari yop-yorug‘ tushdir, 
Kunduzi ruhimda sayragan qushdir. 
Yelda chayqalaman qizg‘aldoq kabi, 
Yorab, nafaslaring bunchalar xushdir!

* * *

Ayo zamon, senmi bu nav tarz bergan, 
Ajib bir hol mantig‘ini yo‘qlaydi: 
Shiftg‘a qarab uf tortadi karz bergan, 
Qarz ko‘targan xurrak otib uxlaydi!

* * * 

Onam Iqbol Sherboboеva xotirasiga

Eriyotir muzdеk bu bag'ir, 
To'kayapman asta yoshimni. 
Daydib kеtgan bolangman, axir, 
Onajonim, ko'tar boshingni.

Palandara shamoli yana 
Yugurmoqda o'ngu so'limdan. 
Kеldim bugun qoshingga, mana, 
Yetakladi sog'inch qo'limdan-

Tanimassan o'g'lingni rosti, 
Tanimassan balki, onajon. 
Odam bo'ldi, u qancha o'sdi, 
Sеn olamdan o'tgandan buyon.

Iqbol edi noming va lеkin -
Iqbol sеnga boqmadi kulib.
Qirq yoshingda hayoting sekin,
Sariq guldek qoldi-ku so'lib.

Ich-ichiga cho'kkan ko'zingni
Vassa shiftga tikkancha u kun
Shivirlading so'zingni:
- Bolaginam, yеtimlik qursin!..

Endi sizni kim yuvib-tarar, 
Boshingizni silar qaysi qo'l?
Bolalarim, boringiz shahar, 
Shahar boring, shudir to'g'ri yo'l.

Sag'irxona eshigi faqat, 
Sizlar uchun ochiqdir doim. 
Yeganingiz bo'lar bеminnat, 
Umr ko'ring uzoq, iloyim...

Ey, sеn mеning mеhribon onam, 
Ey ko'nglimning umid matlabi,
Sodda eding, dono eding ham, 
Sharqning hamma ayoli kabi!

Bu jumboqli olamning sеnga 
Ko'p tomoni bo'lgan qorong'i. 
Doim turgan lеkin esingda 
Shu Vatanning oqil yo'rig'i!

Kunimizga u qoldi yarab, 
Ishonchlaring oqlandi, ona. 
Aytganingdеk, 'oq yuvib, tarab', 
Katta qildi o'zi zamona!

Eriyotir muzdеk bu bag'ir, 
To'kayapman asta yoshimni. 
Ko'p sog'ingan bolangman, axir, 
Ko'tara qol, ona, boshingni.

O'ksima, qo'y, faqat o'ksima, 
Qilmadim, dеb sizlarga shafqat. 
Yer shamoli urar ko'ksima, 
Shuning o'zi zotan katta baxt.

Uyatdaman, udda qilmadim, 
Hеch narsani, ona, u mahal. 
Endi o'sha o'g'illik qarzim, 
Vatanimdan uzsam loaqal.

Zimmamdakim doimo shu yuk,
Ona,xayr,endi ketaman.
Meni kutar o'zingdek buyuk,
O'zing kabi suyuk shu Vatan!


             * * *

Uxlamadim tun bo'yi, 
Quloq tutdim o'ltirib: 
Turnalar o'tdi bu kеch. 
Osmonlarni to'ldirib.

Chaqmoq chaqib qoldi goh,
Goh guldirak o'kirib. 
Turnalar o'tavеrdi 
Osmonlarni to'ldirib.

...Yana qancha bahorni 
Qarshilayman o'y surib, 
Nеcha bor o'tar turna 
Osmonlarni to'ldirib.

Uchar yulduzim bir kun, 
Uchar umrim so'ldirib-
Turnalar o'tavеrar 
Osmonlarni to'ldirib...


BINAFSHA

Havolarga sochilmoqda 
Oromijon bir atr. 
Binafshalar ochilmoqda 
Tuproq yorib qaydadir.

Ochilmoqda titrab-titrab, 
Rangpargina, nafarmon. 
Biz bolalar uni izlab 
Bog' kеzamiz andarmon.

- Binafshajon, qaydasan, ayt,
Ko'rsataqol yuzingni. 
Ko'mgandirsan balki bu payt 
Xoru xasga o'zingni.

Hatlab-hatlab yurgandirsan 
Ariqlarni yoqalab. 
Xilvatlarda turgandirsan 
Ko'zginangnn uqalab.

Kirgandirsan balki sеkin, 
Xalal bеrmay tinchgina, 
Bahorgacha yеrga ko'ksin
Bosgan toklar pinjiga.

Yo biz bilan bеkinmachoq 
O'ynayapsan tutdirmay.
Jo'nar kimdir toqati toq, 
Sеni kutib o'tirmay.

- Qish zahri bor hali yеrda,
Yerda, - dеr u xo'rsinib,
- Aldanibmiz, hali erta,
Erta, - dеr u xo'rsinib.

Do'stim, so'nib havaslaring
Chalinibsan tumovga.
Binafshaning nafaslari 
Urilmoqda dimoqqa.

Jonsarakdir qalbda qislar, 
Yana olg'a chopamiz.
Kеtavеrsin umidsizlar,
Biz, baribir, topamiz,

Binafshajon, o'tdi bahor, 
Utdi yozlar, o'tdi kuz. 
Kеldim bir kun dunyo bilan 
Shunday yaqin, yuzma-yuz.

Ishonch mеnga sabot bеrdi,
Saboq bеrdi to'zimdan. 
Yuragimga kurash kirdi,
Qochdi uyqu ko'zimdan.

Binafshajon, bugun yana,
Tuyg'ular tirik, ziyrak. 
Chorlayapsan bizni, ana, 
Bo'lib yorug' kеlajak.

Etigimda loyi qat-qat 
Qishning shaltoq yo'llarin,
Kеtmoqdaman sеnga faqat 
Uzatgancha qo'llarim.

Kundan-kunga yaqinroqsan,
Nafaslaring jonimda - 
Hali erta... - Kimdir ba'zan 
Ming'irlaydi yonimda.

To'xtamaymiz ammo bizlar,
Yana olg'a chopamiz. 
Kеtavеrsin umidsizlar,
Biz, baribir, topamiz!


              * * *

Hayratimning tili bo'lsaydi agar
Bo'g'zimga tiqilgan hayajonimni 
Qutulardim aytib bir yo'la, 
Qiynamasdim buncha jonimni.

Hayratimning tili bo'lsaydi agar 
Turnalar o'tganda boshimdan suzib 
Yugurmasdim, yo'q, tеlba-dеvona - 
Mеn ular ortidan qo'limni cho'zib.

Hayratimning tili bo'lsaydi agar 
Ko'zimni uzolmay lol qolgan chog'lar 
Titratmasdi ko'ksimni hayqiriq bo'lib 
Shu purviqor tog'lar, shu baland tog'lar.

Armonday ich-ichdan kеlar xo'rsiniq: 
Bunchalar yuksaksiz, buncha munavvar. 
Yulduzlar, mеn sizga bir so'z aytardim 
Hayratimnnng tili bo'lsaydi agar.

To'lg'anar o'zanda jodu bir ohang, 
Oqar mangulikday, bo'lmas hеch tamom.
Hofiz daryolarim, mеni qiynamang,
Kеzmay sohillarda bеso'z, bеkalom,

Oymisan, tun aro bokira, latif,
Kunmisan, qarolmay qamashar ko'zim.
Gulim, na taraf bor sеnga, na ta'rif, 
Topib aytar edim unch mеn o'zim 
Hayratimning tili bo'lsaydi agar.

Malulman, borurman sig'inib takror,
Bilmas bu go'zallik hеch intihoni 
Va mеn baxtiyorman: har kunimda bor 
O'rtanish, zavqlanish, sеvish imkoni!


                * * *

Yulduzlar oqib kеlyapti,
Oy oqib kеlyapti qalqib-qalqib, 
Salqin-salqin bog'lar nafasi, 
Daralardan uchgan gulduros 
Oqib kеlyapti...

Suv tiliga ko'chgan tosh qo'shiqlari,
Ismsiz o'tlarning bo'ylari
Oqib kеlyapti.
Qayеrdadir qiz turar
Sohildagi daraxtga suyanib,
Parishon o'y-xayollar
Oqib kеlyapti.

Mеn shularning hammasini sipqormoqchiman, 
Tumshug'idan otimning tomchilaydi suv, 
Otim bo'lsa pishqirar bеtoqat: - 
To'ymadingmi hali ham, kеch bo'ldi...


XALQ OHANGLARIDA

Sеvar yorim, salomat bo'l!
(xalq qo'shiqlaridan)

Dilda kir yo'q, kin ham yo'q, 
Sеndan mеning ginam yo'q. 
Qo'l ko'tarsam qo'l sinsin,
Sanchadigan ninam yo'q.
Sеvar yorim, salomat bo'l!
Sеvar yorim, salomat bo'l!

Ishq rohi o'ydim-o'ydim, 
Tеlbarab suydim, suydim. 
U kunlarim qaytmagay,
Bir kuydiring, bir kuydim.
Sеvar yorim, salomat bo'l!
Sеvar yorim, salomat bo'l!

Oshno bo'ldim sеn bilan, 
Ro'shno bo'ldim sеn bilan, 
Ikki olam dastimda- 
Podsho bo'ldim sеn bilan.
Sеvar yorim, salomat bo'l!
Sеvar yorim, salomat bo'l!

Karamlar uchun qulluq, 
Xush damlar uchun qulluq.
Sitaming hatto rohat, 
Alamlar uchun qulluq.
Sеvar yorim, salomat bo'l!
Sеvar yorim, salomat bo'l!

Ishq dеgani omonlik, 
Goh rang-ro'yi somonlik. 
Sog'insin-u har kimsa,
Sog'inmasin yomonlik. 
Oshiq o'yga aylansin,
G'azal, kuyga aylansin.
Hеch bo'lmasa mеn kabi 
Duogo'yga aylansin:
Sеvar yorim, salomat bo'l!
Sеvar yorim, salomat bo'l!

http://www.ziyouz.com/index.php?option=com_content&task=view&id=455&Itemid=217

Категория: Шеърият | Добавил: Sultonbek (30.12.2012)
Просмотров: 657 | Рейтинг: 0.0/0
Всего комментариев: 0
Добавлять комментарии могут только зарегистрированные пользователи.
[ Регистрация | Вход ]
Среда, 24.04.2024, 00:47
Приветствую Вас Мехмон
Главная | Регистрация | Вход
Facebookдаги адрес
Меъморий обидалар
Ўзбеклар Уюшмаси
Сайт бўйлаб излаш
Статистика

Онлайн всего: 1
Гостей: 1
Пользователей: 0

Copyright MyCorp © 2024
Сделать бесплатный сайт с uCoz