Осмонимиз ҳамиша мусаффо бўлсин!
 Холдор Вулқон ижодидан
Xoldor Vulqon

O'zim haqimda qisqa so‘z 

 Men Xoldor Vulqon 1959 yil 3 may kuni Andijon viloyati, Oltinko‘l tumani, Maslaxat qishlog‘ida dunyoga keldim.

1975 yili o‘rta maktabni tamomladim.

1978 -1980 yillari Sovet armiyasi safida xizmat qildim.

1980 yildan 1990 yilgacha bezovchi rassom  sifatida turli tashkilotlarda ishladim.

1975 yildan beri she'rlar  va nasriy asarlar yozaman.

1990-1996  yillar Toshkent Davlat Universitetining Filologiya fakultetida tahsil oldim. 

"Tumanli dalalar qo‘shig‘i", "Laylatul-qadr", "Tungi  laylakqor"  nomli she'riy kitoblarim Toshkentdagi nufuzli nashriyotlarda chop etilgan.

1999 yil avgust oyida meni O'zbekiston Yozuvchilar Uyushmasi a'zoligiga qabul qilishdi.

Men shu kungacha  4 ta she'riy kitob, 5 ta  qissa, 2 ta roman yozdim. U romanlarning biri rus tilida bo‘lib, xali  yakunlangani yo‘q.

Oilalikman. 6 ta farzandim  bor.

Hozir taqdir taqozosi bilan Kanadada yashayapman.
"Qadrdon qirg‘oqlar” kitobidan


VATAN
  
Sen agar bug‘doy boshoq bo‘lsang somoningman, Vatan,
Toabad boshing omon bo‘lsin, tovoningman, Vatan.

Barcha yaxshi, barcha oqil, barcha dono, faylasuf, 
Qimtinib bir chekkada yurgan yomoningman, Vatan.

Chor taraf zulmat, tuman, uvlaydi ming -minglab shoqol, 
To sahar gulxan yoqib chiqqan cho‘poningman, Vatan.

Barcha jim, tilsiz pisib, mum tishlaganda, xayqirib,
Haq so‘zin dor ostida aytgan zaboningman, Vatan.

Bo‘lmasin ovvora yov oybolta qayrab qatlima, 
Qatl etib o‘ldirsa xam o‘lmas omoningman, Vatan.

Yurtda Vulqon cho‘qqidek boshim bulutlardan baland,
Yov uchun mangu o‘tib bo‘lmas dovoningman, Vatan! 


DENGIZDA
("Istanbul ilhomlari" turkumidan ).
 
Emmonoel bo‘g‘ozi, Tamsil, Eskudar, 
Otmoqda yomg‘irli Istanbul tongi.
Marmara dengizin kengliklarida,
Yangrar kemalarning xasratli bongi.
Dengizlar ortida qolgan Vatanim,
Sog‘indim Masjidu minorlaringni.
O’lmay qaytib borsam uyalmay unsiz,
Quchoqlab yig‘layman chinorlaringni.
Sovuq shamol esar, namchil paluba,
Kema chayqaladi, g‘ijirlar eshik.
Bizni allalaydi kemaga qo‘shib 
Dengiz dunyodagi eng ulkan beshik.
Men uyg‘oq boqaman kengliklar tamon.
G’amlarga topolmay bo‘yinturuqlik.
Suv yuzida yarmi ko‘rinib turgan,
Qo‘rqinchli maxluqqa o‘xshar quruqlik.
 
1999 yil, dekabr. Turkiya.Istanbul. Marmara dengizi. Kemada yozildi.


ILMOQ
 
Siz nazarga ilmaysiz meni,
Yaxshiyam ilmaysiz
Ilsangiz agar,
Elu xalqqa kulgu bo‘lardik.
Chunki, men novchaman.
Nazaringiz esa
Haddan ziyod past.
 
2001 yil, 21 yanvar, tungi soat 9 dan 21 minut o‘tdi. Tashqarida qor yog‘yapti. Maslahat qishlog‘i.
 

XOTIRJAM ODAM
 
Yomg‘ir shivirlaydi quloqlarimga,
Ko‘chada odamlar lavasi oqar.
Avtosuvaraklar qatnagan yo‘lga,
O’ychan yo‘lovchilar parishon boqar.
Chaqdi ko‘zlarimni achchiq tutunlar,
Qayrildim yomg‘irli, kimsasiz boqqa.
Yaldo tunlarida qoralamadan, 
Sochu soqolimni ko‘chirdim oqqa.
Men ham asli jonli kiyimilgichman,
Soyabon orzusi bag‘rimni o‘ygan.
Ancha bo‘ldi yo‘llar g‘adir-budur deb,
Kiyimimda dazmol qatnamay qo‘ygan.
Takabbur emasman, uxlagim kelsa,
Ostimga bo‘yra ham to‘shayveraman. 
Bu yerdan haydasa o‘gay zamona,
Xotiralarda ham yashayveraman.
O’ksinib yurmayman bo‘lmasa uyim,
Bo‘lmasa sigirim, bo‘lmasa echkim.
Xotira bo‘ysunmas boshqarmalarga,
Xotiradan meni haydolmas hech kim!
 
2002 yil, kuz. Andijon.
 

YOZ OQSHOMI
 
Olovi tortilgan o‘choqday dunyo,
Oqshom qashshoq emas, tovushlarga boy.
Hademay yorishar oydin sukunat,
Yorishar kimsasiz, ovoz yetmas joy.
Hayratdan ag‘rayib qoladi gullar,
Ruhimga bahsh etib halovat, huzur.
Gulni ag‘raytirib qo‘ygani uchun, 
Oy so‘rab o‘tirmas bizlardan uzr.
Oydinda oqargan sokin dalalar,
Osmon gumbazida tamosha tekin.
G’amlari uxlagan mudroq dunyoda, 
Men seni sog‘ina boshlayman sekin.
 
2003 yil, 29 iyul.Ertalabki soat 9. Maslahat qishlog‘i.
 

IMLO

Daraxtlar qoqsuyak qo‘llarin cho‘zib,
Qishdan so‘rar oppoq lungilik, shimlik.
Shamollar quvonsa chanqovuz chalib,
Chiroq shu’lasida yig‘laydi jimlik.
Quyuqlashib borar sokin tumanlar,
Kimsasiz yo‘llarda tahayyuul tutqun.
Qor shamoli yolg‘iz yurgan yo‘lchining,
Sochu kiprigiga qo‘ndirar uchqun.
Bo‘ronli zulmatda chirpiraydi qor,
Qarayman qorlardan oqargan yoqqa.
Shudgor qing‘ir - qiyshiq qoralamasin,
Ohista ko‘chira boshlaydi oqqa.

2001 yil. 9 dekabr. Tong. Maslahat qishlog‘i.


HAMQISHLOQLARIMGA
 
G’ing‘illaydi iskabtoparlar,
Daryo yoqda dalalar jimdir.
Uzoqlarda tom taxtasiga,
To‘qillatib mix qoqar kimdir.
Shovqin solar oqshom qushlari,
Bog‘lar kiyar qoramtir po‘stin.
Ufq ortiga berkinar quyosh,
Sotgan kabi dushmanga do‘stin.
Miltillagan ko‘k to‘la yulduz,
Son – sanoqsiz yoqilgan shammi?
Yolg‘iz qoldim qog‘oz dashtida,
Shuncha azob chekkanim kammi?
Oqshom chog‘i ochilgan gulga,
Oy termulib aqldan ozdi.
Men oydin she’r yozmoqchi edim,
She’r yozmadim, she’r meni yozdi.
Ko‘klam chaqmog‘idek jimgina,
Zulmatlarni yoritib o‘chdim.
Ruhim g‘urbat etdi ixtiyor,
Hijrat qildim qog‘ozga ko‘chdim.
Endi mensiz kelsa bahorlar,
Qizg‘aldoqlar bossa tomimni,
Kapalaklar tentirab uchgan,
So‘qmoqlarga qo‘ying nomimni!
 
2001 yil, 9 noyabr. Kech soat 6 dan 50 minutu 15 sekund o‘tdi. Maslahat qishlog‘i. 

XOTIRA
 
Unutmayman endi hech qachon,
O’sha qayg‘uli tongni.
O’chgan chiroqlarni,
Oqarishib kelayotgan
Olachalpoq osmonni,
Yiroqlarni.
Fil suyagi kabi 
Oppoq qo‘llaru
Shunday jussani.
Muyulishga yetganimda
Ko‘zim girdobiga 
Cho‘kkan g‘ussani.
Endi u joylarga bormayman,
Borsam
Shamollar yig‘laydi
Qamish tilida.
 
 
SIRDARYO
(Sohiba Ashurovaga)
 
Suv ichgani kelgan kiyikdek,
Oyoq qo‘yding toshli sohilga.
Va termulding g‘alayon solib,
Toshlarga bosh urgan johilga.
Qatra – qatra ko‘z yoshing to‘kib,
Xasratingni suvlarga aytding.
Sirlarimni saqlagil, daryo –
Deb sohildan ohista qaytding.
Bu dunyoda yolg‘izgina men,
Xasratingni tushunib yetdim.
Va ayrilmas sodiq do‘st bo‘lib,
Sirlaringni oqizib ketdim.
 
1996 yil, kuz. Andijon shahri.
 
 
MEZBON
 
Soatiga oltmish km. tezlikda,
Sharqdan esayotir qushlar bo‘roni.
Ko‘zlarim suv ombor, kiprigim to‘g‘on,
Olisda o‘rmalar poezd iloni.
Daryo lablarida chiridi naylar,
Hayratdan osmonga baqraydi dala.
Jannat qushlariday bargi hazonlar,
Uchib o‘tib ketdi gala va gala.
Za’faron tanazzul, hazon chervoni,
Namchil oynalarga yopishgan yorliq.
Daraxt olomoni – vaxshiy g‘alayon,
Yomg‘irlarda shishib yig‘laydi borliq.
Vaqt botqog‘ida chirigan yillar,
Sokin tumanlarning og‘ir savoli.
Ko‘nglim oynalarin sindirdi yana,
Sovuq zulmatlarda hijron shamoli.
To‘lqinlar yig‘laydi qumloqni yalab,
Chorloqlar chiyillab shovqin soladi.
Qayga shoshilyapsan, biroz o‘tirgin,
Hademay ko‘zyosh ham qaynab qoladi.
 
12 noyabr, 2004 yil. Yarim tun. Andijon shahri.
 
 
BOLALIK
( Tuxfa xola xotirasiga)
 
Chetan bilan o‘ralgan bog‘lar,
Giloslarning bag‘ri qonaydi.
Yilg‘inzorlar tamonda Kakku,
Mening qolgan umrim sanaydi.
G’urillaydi tolzorda g‘urrak,
Traktorlar tashlaydi langar.
Ko‘z ilg‘amas poyonsiz osmon,
Muzlatgichi buzulgan Angar.
Tirillaydi olisda moped,
Dala yo‘lda ko‘tarilar chang.
Odamlarni choyga chaqirib,
Oshpaz xotin ura boshlar zang.
Tang! Tang! Tang! Tang!
 
 
QO’SHIQ 
(Sherali Jo‘raevga)
 
Yulduzlar yaraqlab porlayveradi,
Ularning changini xech kimsa artmas.
Daraxt malakasin oshirish uchun,
Xorijiy davlatga jo‘natish shartmas.
Zaminning eng go‘zal daraxti uchun,
O’tkazilsa agar tanlov, ko‘riklar,
Birinchi o‘rinni olardi albat,
Jo‘r bo‘lib gullagan bizning o‘riklar.
O’rik gullayverar oppoq qo‘shiqni,
Qarsagu olqishlar qilmaydi talab,
Shon so‘rab markazga yo‘llamas maktub,
Kanvertga surtilgan yelimni yalab.
Bu gala kontsertga kirishing mumkin,
Bo‘lmasa ham chiptang, puling yo tillang.
Oppoq qo‘shiqlardan ochilar hatto,
Ruhing kapalagi berkingan pillang.
 
2004 yil, bahor Andijon. 
 
 
TAZARRU 
 
Men osmonni ikkiqat debman, 
Kechiringlar, yettiqat ekan.
Sanchilar deb bulutlar, qo‘rqar,
Iyagimda o‘stirsam tikan.
Kechiringlar, mening ko‘zimga,
Ko‘rinibdi misoli bezak.
Sigirlarning nodir asari,
Atirgulga o‘xshagan tezak.
Uzr, pisand etmagan bo‘lsam,
Nazokatli kimsalar didin.
Ustun qo‘yib Farang mushkidan 
Daladagi Burganlar xidin.
Ma’zur tuting, o‘xshasa agar,
Barmoqlarim semiz qurtlarga.
Va kuzatsam sizdan beruxsat,
Turnalarni olis yurtlarga.
Uzr, odam xisoblab sizni.
Borgan bo‘lsam ba’zan topinib.
Xayr endi, Vaqt kech bo‘ldi,
Men uxlayin yerni yopinib.
 
 
KUZATISH 
 
Jilmaygancha ko‘z yoshlaringni, 
Yashirasan, aldab netasan?
Men perronda qolaman yolg‘iz,
Sen poezdda yig‘lab ketasan.
Jiqqa yoshga to‘lgan ko‘z bilan,
Yo‘l olasan uzoq ellarga.
Yugiraman poezd ortidan,
So‘zlar uchar sovuq yellarga.
Chirpiraydi poyimda xazon, 
Dekabrning bodlari yelar 
Xuvillagan perronda turib,
Poezd kabi chinqirgim kelar.
 
1992 yil, dekabr, Toshkent. Talabalar shaxarchasi 
 
 
ADIBA UMIROVAGA
 
Ko‘kda bulutlarning oltin po‘stagi,
Ruhimda sog‘inchga o‘xshash kechinma.
Senga nima bo‘ldi, hayosiz daraxt?
Mening ko‘z o‘ngimda bunday yechinma!
Dala so‘qmog‘ida yolg‘iz yo‘lovchi,
Uning kimligini qayoqdan anglay.
Bo‘ynimga chirmashar yillar iloni,
Osmon - tanglay, qaro shudgorlar - manglay.
Xamdarlik bildirib pichirlar yomg‘ir,
Bo‘ysunmas vujudga mustaqil poyam.
Tuyoqlarga o‘xshar tuflilar, yo, Rab,
Nega yig‘layapsan, bukchaygan soyam?
Majnuntol kokilin o‘rganda shamol,
Chittaklar o‘qirdi bog‘larda bayoz.
Olmos oynalarga endi, extimol,
Muzdan asar ishlar musavvir ayoz.
Fonar shu’lasida qor qo‘zg‘aloni,
Shamollar borliqni varaqlab o‘qir.
Zexnlari o‘tkir, tirishqoq, lekin,
Sho‘rlik shamollarning ko‘zlari so‘qir.
Muvaqqat dunyodan o‘tib boramiz,
Loqayd zulmatlarda charog‘on kunsiz.
Tilsiz poyafzallar ostonalarda,
Og‘zin ka - a - atta ochib yig‘laydi unsiz.
 
5 iyun, 2005 yil. Andijon shahri

 
SADOQATLI CHIRILDOQ 
 

Oqshom. Dala xovli, o‘yga cho‘masan,
Xonang derazasin bog‘larga ochib.
Menchi kiprik qoqmay turaveraman.
Ering kelganda ham ketmayman qochib.
Esingdami, seni firoq o‘tida,
Kuydirib bir zamon ketgandim o‘lib.
Mana, tag‘in qaytib keldim yoningga.
Qaytadan tirilib, chirildoq bo‘lib.
Xovlingda buncha ko‘p bo‘lmasa gullar? 
Yo bugun bayrammi? Gullar saylimi?
Sevgilim, shu gullar ochilib yotgan,
Xovlingda chirillab yursam maylimi?
 
 1999 yil, avgust, Toshkent, tunggi soat 12 yarim. Do‘rmon. 
 
 
QADRDON QIRG’OQLAR
( Bolalikdagi qo‘shnimizning qizi Guliga )
 
Oqar edi daryo yoyilib,
Sensiz go‘yo yashardim xumda.
Oyog‘ingni o‘pardi suvlar,
Erir edi izlaring qumda.
Uchrashganda telbalar kabi,
So‘zlasholmay qolardik tildan.
Yo‘llaringda muxtoj nigohim,
Uzoq edi sekundlar yildan.
La’l, javoxir yulduzlar ila,
Tun osmoni ketganda boyib.
Uxlar eding baland so‘rida,
Sochlaringni daryoday yoyib.
Dalalikda kesishgan yo‘llar,
Ko‘zlarimdan mixlagan xoching.
Qirg‘oqlarim qo‘porgan daryo - 
Yot yostiqqa yoyilgan soching.
Balki hamon bizsiz sohilning,
To‘lqinlari bir - birin quvar.
Qoradaryo oy laganida,
Yulduzlarni oltindek yuvar.
 
2006 yil, 8 iyul, soat 14 dan 41 minut o‘tdi. Bishkek shahri 
 
  
 DERAZA ORTIDAGI ODAM
 
Qish kechasi, tinmay yog‘ayotir qor,
Borliq sukunatga, hayolga tolgan.
Maylimi darchadan qorga qarasam?
Bu deraza shaxsiy, otamdan qolgan,
Yorug‘ bilyardxona sharlar tovushi,
Mening o‘ylarimga uradi darra.
Derazamga qo‘nib erib ketdiku,
Buncha oz yashadi beg‘ubor zarra? 
Mastona qiyqiriq yangrar qaydadir.
Bir odam chayqalar sarmast yalanib,
Telpagin ko‘ziga bosib yig‘lar u,
Oppoq chivinlarga talanib.
Yorug‘ bilyardxona, sharlar tovushi,
Borliqqa qo‘shilib o‘yga tolaman.
Otamdan esdalik derazamni jim,
Buklab, cho‘ntagimga solaman.
 
 2004 yil, 22 fevral. Yakshanba, kechki soat 5 minuti kam 5. Maslahat qishlog‘i.
 
 
QISH SIMFONIYASI 
 
Yop - yorug‘ zulmat ichra,
Qora rangli qorlar yoqqanda.
Men qorong‘i xonaga kirib 
Pechkaga qalayman 
Oppoq ko‘mirni.
So‘ngra yog‘ayotgan qora qorlarga,
Derazadan g‘amgin termulib,
Sen yomon degan.
Yaxshi odamlar haqida.
Sen yaxshi degan 
Yomon odamlar haqida 
O’ylay boshlayman.
Shunday qarshilayman 
Qora tonglarni.
   
1992 yil. Kuz.
 
 
INTIZOR 
 
Qarshimda lallayar vaxshiy sukunat,
Uzoqlarda kuyib tugamoqda kun.
Olisda onamday qo‘l siltayotgan,
Daraxtlar panjasi uzilar beun.
Oq chiziq umurtqa pog‘onalari,
Ajdarho ilonday cho‘zilgan yo‘lim.
Mening ko‘zlarimni yeydi ko‘chalar,
Yillar to‘rvasida ugulgurji o‘lim.
Bizlarni ichikib sog‘inar Toshkent,
Xaloyiq metrodan chiqadi bizsiz.
Xazonlarni yulqib keng - mo‘l shamollar.
Odamlar ortidan ergashar izsiz.
Hayolingdan asta yorisha boshlar,
Nursiz xilvatlarda qadam yetmas joy.
Sen soqov jimlikda sokin ruhimning,
Qorli dalasidan ko‘tarilgan oy.
Chiroqlar limonday yetildi yana,
Yorug‘ qovoqxona, mastona g‘ovur.
Gulim, unitmasman munis chehrangni,
Toki mavjud ekan ko‘zguda xovur.
 
2003 yil. 27 noyabr. Erta tong. Maslahat qishlog‘i.
 
 
SAYG’OQ 
 
Yovuzlardan bezib chekingan joying,
Jazirama saxro, bepayon qumlik.
Quturgan ajdardek goxida quyun,
Yaydoq kengliklarda qilarmi shumlik?
Zavr qumtepalar ortida oqshom.
Ochqagan qashqirlar galasi uvlar,
Shifobaxsh shoxlaring sabab ovchilar,
Qiyqirib miltiqdan o‘q uzib quvlar.
O, sayg‘oq, begunox, quvg‘indi jonvor,
Qismatlar mushtarak, ketaman o‘ylab.
Meni xam quvlashar saxrolar aro,
Chopaman sen kabi ufqlar bo‘ylab.
Zafaron ufqlarda chopaman badar,
Quvg‘inga sababdir botinim, g‘aybim.
Seni shoxing uchun ovlashar, mening 
Boshimda shoximning yo‘qligi - aybim.
 
 2000 yil,11 iyul, oqshom.  Maslahat qishlog‘i.
 

SIRLI MAKTUBLAR 
 
Daraxt menga yo‘l bo‘shatadi,
O’tganimda shu yo‘ldan doim.
Va daraxtning sarg‘ayib ketgan 
Xatlariga ko‘milar poyim.
Daraxt sho‘rlik maktublarini 
Kimdir olib o‘qishin poylar,
Maktublarin olis - olisga 
Olib ketar po‘chtachi soylar.
Sevib qolgan kimnidir daraxt,
Sevgan yori yozmaydi javob,
Xatlarini yashirib o‘qib 
Yig‘lab - yig‘lab etmaydi tavof.
Daraxt har yil yozaveradi,
Siyox, dastgox, qalam, dovotsiz,
Xatlarini xech kim o‘qimas,
Uning sevgilisi savodsiz.
 
1991 yil, kuz, Toshkent shahri.
 
 
TOSHBITIK 
 
Faqat osmon bilan tirikmas inson,
Yashab bo‘lmaydiku qadrdon yersiz.
"Yashasa bo‘ladi" deyishing mumkin,
G’arlar yashaganday jaxonda ersiz.
Yashab bo‘lar dersan quyoshsiz xatto,
Oydin dalalarsiz, tumansiz, qorsiz.
Vatansiz va Erksiz, tutqun qul bo‘lib,
Yashash ham mumkindir g‘urursiz, orsiz.
Xatto xudosiz ham yashash mumkindir.
Yashashing mumkindir olamda mensiz.
Qabrtoshim urib qarg‘ama, chunki,
Men yashay olmadim dunyoda sensiz.
 
2000 yil, 8 iyul, Maslahat qishlog‘i.
 

ZOR - INTIZOR 
 
Qurg‘oqchilik kunlari keldi,
Saxro kabi qaqragan ko‘zga.
Bu dunyoda bilsang sevgilim 
Go‘zal so‘z yo‘q ismingdan o‘zga,
Kengliklarga chiqib ketaman 
Sog‘inchlaring qiynasa yomon,
So‘zanaklar tentirab uchgan 
Jim, kimsasiz dalalar tamon.
Oqshom tushib yaraqlaydi oy 
Shu’lalarga belanar kiftim 
Yulduz to‘la poyonsiz osmon 
Dur - javoxir qadalgan shiftim 
Qurillaydi baqalar ma’yus
Soxilda tun etagin teshib 
Yuksaladi ko‘klarga ruxim 
Oy nuridan arqonlar eshib.
 
1999 yil, avgust. Maslahat qishlog‘i.
 
 
 BALKI 
 
Kuzgi shamol va maxzun hayol,
Yetim kunlar qayg‘usi o‘zga.
Cho‘kar moviy dubulg‘a - osmon,
Kuzga o‘xshab ketguvchi ko‘zga.
Ko‘rdim ko‘zing tubida g‘amni,
Arzir edi yig‘lasam uvlab.
Yupun bog‘lar bag‘ridan uchgach,
Barglar ketdi shamolni quvlab.
Sochlaringday uzun dardlaring,
Qoshlaringda yillar kuyasi.
Ko‘zing qiri xanjarday o‘tkir 
Kipriklaring ko‘zyosh uyasi.
Balki sen ham muxojir qushday,
Uchib ketib qolarsan zumda.
Izlaringda daryolar ingrab,
Suvlar yig‘lar yugirib qumda.
Balki endi sensiz o‘larman,
Balki o‘lmay kirarman yuzga.
Termularman balki sog‘insam,
Ko‘zlaringa o‘xshagan kuzga.
 
2001 yil, avgust. Maslahat qishlog‘i.
 
 
APREL 
 
Quyosh botib, g‘amboda, g‘arib,
Ufqlarning gulxani so‘nar.
Erigan qor suvlarin ichgan,
Bir to‘p chumchuq tolzorga qo‘nar.
Billur qandil kabi osilgan,
Sumalaklar tushar uzilib.
Chakillagan iliq oqshomda,
Uyqularing ketar buzilib...
 
1990 yil. Bahor. Andijon shahri.
 
  
YOLG’IZLIK QO’SHIG’I 
  
To‘qilar poyonsiz g‘iybat gilomi,
Namchil zulmatlarda zanglaydi hilol.
Psevdoxudolar jovdisin ko‘rib,
Rangi oqarmagan muazzin Bilol.
Bahor ham ba’zida ruxsat so‘ramay,
Ish qilar biz tuzgan qonunga xilof.
Tunda chegaradan o‘tib bog‘larga,
Kiydira boshlaydi yam-yashil g‘ilof.
Zil - zambil qo‘rg‘oshin tumanlar aro,
Bosib o‘tdim yo‘llar ilonin qancha.
Kitoblar ko‘chkisin ostida qoldim,
Yulduzlar kiprigin ko‘ksimga sancha.
Vaqtning och qolgan bolasin yeydi,
Yelimgul Maddoxi - soqov bulbullar.
Oqshom derazani ochsam, jo‘r bo‘lib,
Intervyu so‘raydi mikrafon gullar.
Bo‘rimikan deyman va yoki shamol,
Yilg‘inzorlar aro mungli uligan.
Sovuq oynalarga buncha bosh urding,
Uxlasangchi axir, shamol xuligan.
Achchiq chiqillaydi devorda soat,
Keyin esa birdan jiqillay boshlar. 
Namchil xilvatlarda hiqillar yomg‘ir,
Darchalarning so‘qir ko‘zida yoshlar
Uzoq - uzoqlarda chopar pishqirib,
Temir yo‘lning uchqur po‘lat samani.
Qop-qorong‘i olis dashtlar ortida,
Ma’yus chiroqlarning olmos chamani.
 
2006 yil, 26 may, yarim tun, Bishkek shahri.
 
 
YO’LOVCHI 
 
Zulmatlarda ozodlikning,
Mash’alasi chorladi.
Unga tamon yursam, tunda,
Suyaklarim porladi.
Aybmidi, zulmatlarda.
Chaqmoq kabi shoxlasam?
Kengliklarda ozod esgan 
Shamollarni xoxlasam? 
Qonsiz labi sarg‘ish so‘lak,
It tishladi oyog‘im.
Oqsoqlanib ketaverdim 
She’rlar qo‘ltiqtayog‘im.
Yov yetkazgan jaroxatni 
Davoladim, tuzladim.
Ko‘z ilg‘amas olislarda,
Mamont kabi muzladim!
 
2001 yil, yanvar, choshgoh. Maslahat qishlog‘i.
 
 
MEVALAR 
 
Sarg‘ayib pishgan bexi mevalari,
Odamzod mushtiga o‘xshasayu 
Ularni kimlardir yesa, bilginki, 
Mushtlar xam odamning pishib yetilgan.
mevalari erur shubhasiz. 
Demak ularni ham 
Kimlardir, qachondir yeyishi kerak.
 
 
ABDULLAGA 
  
Kimlardir madhiya odalar yozib, 
Vatanni maqtasa, ko‘kka ko‘tarsa, 
Xushyor bo‘l, o‘g‘lim.
Chunki odatda 
Narsani maqtarlar 
Sotish oldidan.
 
  
QISHLOQ SOG’INCHI 
 
Gavjum Toshkent, sartaroshxona,
Ko‘zguda yo‘l, shoshqin olomon.
"G’iyt-g‘iyt" sayrab qaychi - qaldirg‘och,
Sochlarimni qilar talomon.
Somong‘aram singari uylar,
Sochim yerga to‘kilgan pichan.
Tom ustida antenalarmi,
Yo so‘zanak galasimikan?
Ko‘cha daryo - qizlar baliqday,
Suzib o‘tar rangin tovlanib.
Yigitlarning qayrilib ketgan 
Kiprik qarmog‘ida ovlanib.
Ko‘zgu ko‘lday, boshim qarmoqning.
Po‘kagiday yaltiroq tusda,
Po‘kak uzra omonat qo‘ngan,
So‘zanakka o‘xshaydi usta 
 
2001 yil, yanvar. Andijon.
 
 
UMR 
(Marhum, iste’dodli shoir Ravshan Fayz xotirasiga ) 
 
Gullar yerning tabassumlari,
"Qayda?" - deya berma savollar.
Dala orti tikanzorlarda,
Guvillaydi vaxshiy shamollar.
Bosh uradi ular ko‘ksimga,
Zulmatlardan topolmay uyin.
O’xshashi yo‘q qor zarrasini,
Sochlarimga qo‘ndirar quyun.
Qor uchquni erib ketarkan,
Kiprigimda eng so‘ngi karra.
Deyman: - Buncha oz umr ko‘rding ?
Alvido, ey beg‘ubor zarra !
 
2003 yil, 27 noyabr. Tungi soat 9 dan 30 minut o‘tdi. Andijon. 
 

SENI UNUTMAYMAN 
 
Tumanlardan chiqib kelasan 
Lek kirmaysan ostona xatlab,
Men bir umr yeta olmagan 
Olis orzu, muqaddas matlab.
Sen o‘tasan ortinga boqmay 
Tashlab asta iloxiy odim,
Izlaringda men emas, go‘yo 
Qolar ruxsiz yuz yilgi yodim.
Yuksalganday bo‘lasan ko‘kka
Dalalarni yoritgan oydek.
Men bir chetda qolib ketaman 
Oy yorug‘i tushmagan joydek.
Termulaman seng ketgan yo‘lga,
Tumanlarga belanar jisming,
Derazaning oynasin kuxlab 
Xovurlarga yozaman isming.
 
1989 yil, dekabr. Toshkent.
 
  
KANGLUM
(Ikrom Otamurodga )
 
Kanglum cho‘kib ketgan 
Ko‘hna go‘r kabi.
Uni ko‘tarolmas 
Endi hech kimsa.
Ana, kanglumga yo‘l topmoqchi bo‘lgan,
Yovlarni ortidan ergashtirgancha 
Shoshib kelayotir sotqin extiyoj.
Nega o‘ldirmadim extiyojimni?
Nega o‘ldirmadim?! - dedimu,
O’t qo‘ydim jar uzra lapanglab turgan 
Kanglumning omonat ko‘priklariga.
 
1995 yil,avgust. Maslahat qishlog‘i.
 
 
ZIYORAT
 
Qarovsiz qabrimda ajinagullar,
Ozod shamollarda chayqalib yotar.
Yolg‘izlik va jimlik saltanatida,
Qaro shomlar tushib oq tonglar otar.
Qirda qizg‘aldoqlar dengizi notinch,
Dalalar ortida chaqnaydi chaqin.
Telba oshiqlardek shivirlaguvchi,
Yig‘loqi yomg‘irlar mavsumi yaqin.
Simda qaldirg‘ochlar notasi qator,
Striptiz bulutlar to‘dasi shoshqin.
Negadir yig‘laging kelar baxorda,
Ruhingda sel kabi talotum, toshqin.
Yig‘lab termulasan ajinagulga,
Unga nelarnidir kelar so‘ylaging.
O’rningdan turasan ketmoqchi bo‘lib,
Tikonga ilinib qolar ko‘ylaging.
 
1998 yil, bahor. Andijon.
 
 
OY KEMADA
(Alisher Navoiy g‘azaliga Xoldor Vulqon muhammasi)
 
Yor ketar chog‘inda ma’yus jilmayib jonim olur,
Ketma yor – deb izlarinda termulib ko‘zlar tolur.
Charx urib sohilda daryo qushlari yig‘lab qolur,
Har qachonkim kemaga ul oy safar raxtin solur,
Mavjlug‘ daryo kabi oshufta ko‘nglim qo‘zg‘olur.
 
Men ovutgayman o‘zimni ey ko‘ngil, g‘am yema deb,
Qaytarur ul kemani tez ortga to‘lqin teva deb,
Chun tovush qo‘zg‘otmasinkim, kemani so‘z dema deb,
Yig‘lama ey ko‘z, nedin sohilg‘a chiqmas kema deb,
Kim yoshing daryosidir har sorikim el ko‘z solur.
 
Qo‘rqamen erk bergali bir laxza bir on og‘zima,
Chinqiriq bo‘g‘zimda og‘rib, kelsa ham qon og‘zima,
Shul sababdin elu xalq termuldi hayron og‘zima,
Titrabon siymobdek ko‘nglim, yetar jon og‘zima,
Tund yel taxrikidin har damki daryo chayqalur.
 
Soqchi to‘xtat, kor – hol yuz bermasin, hoy, kemada,
Yursa bo‘lmas kiprigi o‘q, qoshlari yoy kemada,
Qaytaringlar yorni, yo‘q deb ketgali joy kemada,
Sabr ko‘nglimda, ko‘ngil ul oyda, ul oy kemada,
Vahki, borib telmurib ko‘z, mungrayib jonim qolur.
 
Ko‘zlarimdan oqdi yosh seldek, yetibman o‘lgali,
Yo‘q jahonda mendagi fe’ldek, yetibman o‘lgali,
Cho‘lda bir bor esmagan yeldek, yetibman o‘lgali,
Dam tutulg‘ondin o‘lar eldek yetibman o‘lgali,
Surmasun deb kemasin baskim, nafaslar asrolur.
 
Jon iping tortib tarang chalganda davron udkim,
Jilva aylab etsa marjon dur seni maxdudkim,
Ehtiyoj kashkulidin olamni bossa dudkim,
Kirma savdo baxrig‘a olamdin istab sudkim,
Siymi naqdi tushsa lekin umr naqdi siyg‘olur.
 
Yig‘lama bag‘rimni o‘rtab, yaxshi bor, ey yor, hayr,
Gul yuzin so‘ng bor ko‘ray yel, tim qaro sochin qayir,
Rashk o‘ti Vulqonni qiynar yorga hamroxdir g‘ayr,
G’arq etar bahri fano g‘am zavraqin ey, piri dayr,
Ilkiga chunkim Navoiy boda kishtisin olur.
 
  
YAXSHIMASMI 
 
Olloh dilingda bo‘lsa hamxona yaxshimasmi, 
Haq yo‘lida qamalsang zindona yaxshimasmi.

Masjidda ahli johil mashg‘uli g‘iybat o‘lsa, 
Ul joyi xonaqodan mayxona yaxshimasmi. 

Boshinga tushsa kulfat asqotmasa qarindosh, 
Unday xesh - aqrabodan begona yaxshimasmi.

Iblisga do‘sti sodiq yolg‘onchi olimingdan,
Xilvatda haqni sevgan devona yaxshimasmi.

Haq nuridan yuzingni zulmat tomon o‘girding, 
Sendan qanoti kuygan parvona yaxshimasmi.

"Vulqon sotilmagan" deb "Bejiz otilmagan" deb 
Yig‘lab ko‘mishsa tunda pinxona yaxshimasmi.
 
1996 yil, yoz. Andijon shahri.


SOVG’A 
 
Qutlayman tavallud ayyoming bilan,
Sen quvnoq yashading gullarni hidlab.
Quruq kelganim yo‘q men ham yoninga,
Kutilmagan sovg‘a keltirdim didlab.
Hayoting sayoxat, taoming asal,
Senga yot achchiqlik - qalampir -quzoq.
Ozor ne bilmading, ozor bermading,
Yashading dunyoda juda ham uzoq.
Ko‘rinsang havasga aylanar xasad.
Qarshingda jallod ham yig‘laydi aytib.
Tozarib qon to‘la qotil ko‘zlari,
Pashshaga ham ozor bermaydi qaytib.
Sen oppoq kiyimli so‘fiydek yuvosh,
Hatto miq etmaysan ketsalar yanchib.
Men seni shaharga olib ketaman,
Keltirgan "SOVG’AM" ni miyyanga sanchib.
 
23.01.2007. Soat 13 dan 24 minut o‘tdi. Bishkek shahri. 
 
 
QIZIQ DUNYO 
  
Qorong‘udan chiqib qorong‘ulikka,
Ketguvchi umrlar aylana chiziq.
Sirkulga o‘xshaysan buning ustiga,
Shar ustida yashash undan ham qiziq.
Qiziq tuyularkan yer - bepul uchoq.
Doim xizmatingga tursa shaylanib.
Sen borib yurmasang. o‘zidan - o‘zi,
Fasllar yoninga kelsa aylanib.
Qiziq, tonglar oqlab ketmasa ranging,
Tunlar yuqtirmasa senga kuyasin.
Yana bog‘lab olsang qo‘rqmay bilakka,
Umring kushandasi - vaqtning uyasin.
Qiziqda, bir umr koinot bilan,
Qo‘shilib aylansang, aylansang yerga.
Undan ham qizig‘i, bu voqeani.
Kimdir aylantirib yuborsa she’rga.
 
2000 yil 28 iyul, yarim tun. Maslahat qishlog‘i.
 
 
MAQSUDGA
  
Sheriyatning cho‘llaridan,
Men boshpana qidirdim.
Jigarimni qafasdagi,
She’rlarimga yedirdim.
Bu cho‘llarning giyoh unmas.
Barxanlari mengadir.
Bunda faqat yuvindixo‘r,
Qullar meni yengadir.
Atrofimda qashqirlarning,
Ko‘zi yilt - yilt yonadi.
Tegib qashqir tishlariga 
Oyoqlarim qonadi.
Shu qon izdan bir kun meni,
Izlab, izlab top bolam.
Bu dunyodan ochiq ketgan 
Ko‘zlarimni yop bolam! 
 
1988 yil, avgust. Maslahat qishlog‘i.
 
 
MABODO
 
Men bir it bo‘lsaydim
(Laycha yo ko‘ppak)
Zulmatli kuz kechasi
Daryo ortidagi "Lattaqishloq"da 
Bo‘g‘iq akkillardim 
Go‘yo xum ichida xurayotganday.
Tovushimni tinglab,
Uxlab qolarding 
Ilinardi ko‘zinga uyqu 
Yoxud bo‘lsam edi sassiqpopishak 
Pupupub - pupupub - pupupub
Pishsh - sh! - deya 
Olis uvotlarda sayrardim uzoq 
Dexqonlar ishlashdan to‘xtab, jilmayib
Bir zum quloq tutardi menga.
Yo bo‘lmasa omadim chopib,
Chigirtkaga aylanib qolsam 
Oy porlagan oqshom 
Yozgi "Qirg‘izxoji" dalalarida 
Tunni zirillatib chirillar edim.
Yoki deylik falokat bosib,
Odam bo‘lib qolsam kutilmaganda 
Katta - kon odam 
Bolaligim kechgan 
Qoraqolpoqlar xutoridagi 
Cho‘chqaxona xarobasidan
Qarardim bepoyon mangu osmonga 
O’zimning naqadar muvaqqat, ojiz
Zarra ekanimni anglamoq uchun.
 
15 oktyabr, 2006 yil, yakshanba. soat 13 dan 58 minut o‘tdi Bishkek.
 
  
HIJRAT
 
Uzoq tayyorlandim, nihoyat,
Devorni teshishning
Vaqti ham yetdi.
Devorni teshdimu,
Yorug‘likdan ko‘zim 
Qamashib ketdi.
Endi shu olamga 
- Cheksiz kengliklarga ketaman,
Xayr, dushmanlarim,
Xayr do‘stlarim!
Xayr senga uyim, xayr o‘chog‘im!
Xayr, Xoldor Vulqon -
Mening po‘chog‘im!
 
1987 yil, aprel. Maslahat qishlog‘i.
 
 
 AYRILIQ
 
"Yoqmasam, ka - a -a - atta ko‘cha" deding,
Ko‘chaga chiqdim.
Ko‘cha jim - jit edi, kimsasiz, oydin.
Men avvallari bilmas ekanman,
Ko‘chaning bunchalar 
Katta bo‘lishin,
 
2002 yil, 2 oktyabr. Yarim tun. Andijon shahri

 

SHUKRONA 
 
Ollohim, anavi yon qo‘shnim borku,
O’shandan degin, 
Belkurak oluvdim yer ag‘dargani.
O’sha qo‘shnim bir soat o‘tmay,
Bergan belkuragin so‘rab chiqibdi.
Sen bo‘lsang 
Tug‘ilganimdan beri ishlatib yurgan 
Belkurakdan afzal qo‘llarimni 
Mana, qirq yetti yildirki 
Qaytarib ber deya qistab kelmaysan,
Yaqinda Komxozdan, B.T.I dan,
Gorgazdan, Elektrosetdan,
Soliq idorasidan 
Odamlar keldi 
Semiz - semiz popka ko‘tarib.
To‘lov miqdorini eshitgach,
Xushdan ketay dedim, ko‘karib.
Ollohim,
Yaxshiyamki farishtalaring,
Semiz - semiz popka qo‘ltiqlab,
Quyosh, yomg‘ir,shamol xaqini 
Surishtirib kelmas uyimga 
Yaxshiyamki nafas yo‘limga 
Havo xisoblagich o‘rnatmagansan
 
 
BAHOR HAQIDA
(Chori Avaz xotirasiga)
 
Bahor kelayotir.
Hali hech kim yashamagan bahor.
Bultur sening izlaring qolgan,
So‘qmoqlardan kelayotir ul.
Ochiladi shubhasiz endi,
Hali hech kim o‘pmagan, 
Hali hech kim xidlamagan gul.
Bahor kelayotir,
Hali hech kim o‘lmagan bahor.
 
 1993 yil. Toshkent shahri. 
 
  
 AZIZGA
 
Magar o‘lsam, xazin bo‘zlab, xayr deb yig‘lagil, o‘g‘lim,
Alamlarga chidab o‘tgan chayir, deb yig‘lagil, o‘g‘lim.

Kel, ey g‘assol, ko‘ray so‘ng bor dadamning shami - ruxsorin,
Yuzidan pardani bir zum qayir, deb yig‘lagil, o‘g‘lim.

Uning xarastlarin aytsam, ulus ko‘z yoshini to‘ksa,
Bu suvda kemalar qilgay sayr deb yig‘lagil, o‘g‘lim 

Tiriklik chog‘ida bir bor kelib ahvolini so‘rmay,
Qo‘yimgoxida va’z aytma, g‘ayr, deb yig‘lagil, o‘g‘lim

Bugun hech bo‘lmasa shundoq ulug‘ kun xurmati yorab,
Shu sho‘rlikni g‘animlardan ayir, deb yig‘lagil, o‘g‘lim.

Bu Vulqonmas, xasad axlin burishgan panjasi tekkach,
Qanoti qayrilib singan tayr, deb yig‘lagil, o‘g‘lim.
 
1990 yil, Maslahat qishlog‘i.

 
CHAG’ALAY 
(Rauf Parfi xotirasiga) 
 
O’zining bor yetimligi bilan,
Dalalar ustida porlayotgan oy,
Billiardning filsuyak soqqasi emas.
U sovuq adirda yolg‘iz va yupun,
Shu’lalardan yuzi sarg‘ayib 
Chiroq ko‘tarib borayotgan.
Soch - soqoli oppoq, bo‘yni ingichka,
Momaqaymoq to‘zg‘og‘iga o‘xshagan Rauf.
She’riyatning tilla chig‘irig‘ida,
Jon iplarin yigirgan vujud.
Raufdan yigirib olingan 
Lojuvard nurlarning kalavasi oy.
Xoy, sovuqdan tovoni yorilgan Rauf,
Bankrotga uchragan merosxo‘r kunda,
Kundamas, kundada Quyoshning o‘tkir,
Olmos nuri ila kesilgan oyna.
Yo‘llaringda bahor jarchisi bo‘lib, 
Erib yotgan mahal ko‘lmaklar,
Eshkaksiz qayiqda yolg‘iz bir o‘zing,
Sevinch ko‘z yoshlaring kafanga artib,
Begona tunlarga ko‘chib ketibsan.
Shig‘alab yog‘armi endi yomg‘irlar?
 
20 yanvar, 2007 yil soat 11 dan 22 minut o‘tdi. Bishkek shahri.
 
 
ARMON 
 
Iliq bahor shomi, bulutli osmon,
Olis ufqlarda chaqnaydi chaqin.
Yomg‘ir shitirlashin sog‘inib ketdim, 
Ilohiy yomg‘irlar mavsumi yaqin.
O’rtamizda oqib yotar daryolar,
Senga eltar yo‘llar xatarli, ensiz.
Dunyo mensiz yashashi mumkin-u, ammo,
Men yashay olmayman sevgilim, sensiz.
Tahayyuldir mening ozod Vatanim, 
Maydoni taxminan yuz milliard gektar.
O’tloqda yovvoyi asal ariday 
Gulgun lablaringda tiladim nektar.
Endi o‘pich kabi cho‘lpillab yotgan,
Yomg‘irli kechada yolg‘izman mutloq.
Olisda sarosar moviy shamollar,
Va ma’yus gullarga ko‘milgan o‘tloq.
 
1994 yil. Maslahat 
 

HOXISH 
 
G’iybat, fasodlardan chekinib, 
Dalalarga yolg‘iz chiqsangu,
Shamolda dengizday mavjlanayotgan 
Yashil bug‘doyzorga 
Cho‘zala tushsang.
So‘ng bepoyon osmonga tikilganingcha,
Oyoqlaring uzatib o‘lsang.
Keyin chumolilar,
Qarg‘a - quzg‘unlar 
Vujudingni qilsa tolomon.
Sening qayga ketganingni,
Qanday o‘lganingni 
Bilmay qolsa 
G’ofil olomon.
 
1988 yil. bahor, Maslahat qishlog‘i.
 
 
 QAHRAMON 
 (Hamqishlog‘im, ikkinchi jahon urushi nogironi, marhum Fozil ota xotirasiga)
 
Guvillaydi bog‘larda bo‘ron,
Tun qorong‘i, tong hali yiroq.
Pastak uyning mehrobi aro,
Miltillaydi xira jinchiroq.
Chol uzilgan tasmani ulab,
Oyog‘iga yuzli mix qoqar.
Oyoq emas, ne desam ekan,
Tuyog‘iga mung‘ayib boqar.
Yoriladi, yog‘och oyog‘i,
Chol ko‘zidan yoshi tirqirar
Qaylardadir zulmat qo‘ynida,
Qush odamga o‘xshab chinqirar.
Odam qushga o‘xshab qiyqirar.
 
1988 yil. Baxor. Maslahat qishlog‘i.
 
 
OLIS YAXSHILIKNING SHU’LASI 
(Bobom Abdusalom Said xoja o‘g‘illarining porloq  xotirasiga bag‘ishlayman )
 
"Hayit namoz" kuni 
Masjid oldidan 
Bobomni izlardim 
Hammadan burun.
Asli Ginnes kitobiga 
Yozish kerak edi 
Mening bobomni.
Chunki uning cho‘ntaklari 
Jahonda eng chuqur 
Cho‘ntaklar edi.
U quvvatsiz titroq qo‘lini,
Chig‘anog‘iga qadar 
O’sha chuqur cho‘ntaklarga suqardi.
So‘ng hamyonini olib,
Siniq jilmayganicha 
Hayitlik berardi 
Menga shoshilmay.
U paytlar men uchun 
Dunyoda eng buyuk 
Bank edi bobom.
Endi menga hech kim 
"Hayit namoz" kuni 
Bermas hayitlik.
Lekin men haliyam 
"Hayit" ga borsam,
Bobomni izlayman 
Masjid oldidan.
 
1 iyun. 1995 yil, ertalab soat 9 dan 13 minutu 21 sekund o‘tdi. Andijon shahri.
 
 
ZOBIT
 
Osmon - cheksiz pogon,
Undagi yulduzlarga qarab,
Bilib olsa bo‘lar 
Qadimiy dunyoning 
Xarbiy unvonin.
Tongi g‘ira - shirada 
Unvoni baland
Dunyoga chest berdim 
So‘ngra onam kabi
Meni kiydirib,
Yedirib - ichkizib 
Boqqan dunyodan
Uzrlar so‘radim,
G’irrom, qimorboz,
Yolg‘onchi, bevafo 
Deganim uchun.
Endi unvonim ham 
Biroz balandlasa kerak 
Har holda.
So‘ng zobitligim qo‘zib:
"Saflan!" dedim 
Saflandi darrov 
Tonggi daraxtlarning 
Shonli rotasi 
Men ishga jo‘nadim 
Gardsiz yurakda 
Qadrdon kunlarning 
Quvnoq notasi.
 
2001 yil, yanvar. Maslahat qishlog‘i.
 
 
O’G’LIM SAIDAXRORGA 
 
Men baxtsiz emasman,
Vaqtsizman, o‘g‘lim.
Vaqt juda qimmat.
Tejab ishlatsam ham baribir,
Ijodga, soqol qirtishlashga,
Ishga va tuzsiz suxbatlarga 
Yigirma to‘rt soat vaqt 
Urvoq ham bo‘lmas.
Qoradaryo sohilidagi,
Cho‘chqaxona tamonda 
Biz qiy - chuv qilib 
Futbol o‘ynaydigan.
Xutor xarobalariga borib,
Olis bolalikni eslashga 
Yetmaydi vaqtim.
Rohatimni ko‘rmay,
O’ttizga kirmay olamdan o‘tgan 
Jafokash onamning qabrini 
Ziyorat qilishga esa 
Umuman vaqtim qolmagan mening.
Chunki yaqinda 
Ochko‘z, semiz, badavlat gadoy:
"Bitta she’rga necha pul to‘laydi?" - deya 
O’g‘irladi ancha vaqtimni.
(Militsiyaga xabar qilmadim)
Endi o‘g‘irlangan vaqt uchun,
Kamomad uchun 
Qanday xisob beraman Xaqqa?
Naqadar vaqtsizlik!
Naqadar vaqtsizlik, o‘g‘lim!
 
2004 yil.May. Andijon.
 
 
SHE’RIYAT
 
Tanamni yigirgan qadimiy urchuq,
Chigal xomashyoni afu et, kechir.
Umid bilan keldim baliqday chanqab,
Zaqqum og‘usidan bir qultum ichir.
Muddatdan ilgari tirildim misli,
Chumoli qitiqlab uyg‘otgan zamin.
Yoqdim parvonalar o‘lgani yetmay,
Jasad jizzasida o‘chirgan shamin.
O’zimni filbonday his qildim men ham,
To‘rg‘aydan dalalar kirganda tilga.
Quyoshni qirq marta aylandim minib,
Zamin deb atalgan bahaybat filga.
Shiqmola sudragan telba traktor,
Qirda qo‘shiq aytar zaminni qashlab.
Qaldirg‘ochlar uchar qaychidek shodon,
Ko‘klamning ko‘ylagin teng bo‘lib tashlab.
Quyosh quymog‘ini ag‘daraman deb.
So‘zimga o‘t ketdi, aybdor o‘zim.
O’sayotgan tirik to‘shakni ko‘rib,
Bir juft tugma kabi baqraydi ko‘zim.
 
2001 yil, 16 noyabr kech soat 6 dan 00 minut o‘tdi. Maslahat qishlog‘i.
 
 
KUZGI SOG’INCH 
 
Qarshimda lallayib turgan shu daraxt,
Qushlar kontsertiga sotadi chipta.
Simlar chizig‘ida qushlar notasi,
Umrimiz muallaq omonat ipda.
Quyosh tillasidan qamashdi ko‘zim,
Bog‘lar chayqalganda shamollarda mast.
Suvlar bexush yotar anxor qo‘ynida,
Bodi xazonlardan to‘zg‘in xoru xas.
Suvi qochgan nonday qaqradi yo‘llar,
Kuzgi ko‘priklardan o‘tdim men yakka.
Xazonli bog‘larda seni esladim,
Osmon o‘tovidan o‘tganda chakka.
Shu kecha men seni qilurman ozod,
Shart emas to‘siq yo pardani yirtmoq.
Tortaman tirsillab uzilib ketar,
Siymin badaninga botuvchi sirtmoq.
Axir sensiz tunda qor yog‘ayotgan 
Qorong‘u, kimsasiz jim - jit ko‘chaman.
Bu kech yonayotgan gugurt cho‘piday,
Xushbo‘y nafasingdan titrab o‘chaman.
 
12 sentyabr, 2002 yil. Kunduz soat 2 dan 25 minut o‘tdi. Maslahat qishlog‘i.
 
 
SHAHAR YOMG’IRI
 
Chaqmoq lazeridan yorishib ketar,
Olis samolarning gezargan labi.
Yomg‘ir yuvib ketgan gulzorlar aro,
O’ylarim g‘arq bo‘lar "Titanik " kabi.
Yuvilgan maydonda qarsillar yomg‘ir,
O’rmalar loyqa suv iloni selda.
Muz solingan qopday so‘lim Xavolar,
Borliq go‘dak kabi yupangan yelda.
Yodimga tushadi olis bolalik,
Chaqmoq, qasirg‘alar, sellar suroni.
Yomg‘irdan keyingi bog‘lar ustidan 
Gurillab esardi chumchuq bo‘roni.
Qoldi uzoqlarda daryo jarlari,
Yulg‘unzor to‘qaylar sog‘ingan do‘stim.
Shoir bo‘lib nazm daryolarida,
Jarlarga tirmashib qiynalib o‘sdim.
Baland jarlar kabi qavatli uylar,
Olmos chiroqlarin ma’yus yoqarlar.
Chiroq marjoniga termular g‘amgin,
Giyoxdonda o‘sgan tungaboqarlar.
 
24.05.2005 yil. Andijon shahri.
 

XO’RANDA 
 
Universitet, auditoriya,
Keng restoran edi men uchun.
Kitob - taomnoma,
Domla - ofitsiant.
Sening diydoringni 
Kiprikka sanchib 
Yeya boshlar edim 
Ko‘zlarim bilan 
Sira to‘ymas edim,
Lazzatli edi 
Diydor taomi.
Tashqarida esa yog‘ar edi qor.
Oynadan boqardi 
Menga jilmayib 
Oppoq xalat kiygan 
Pazanda dunyo.
 
2001 yil, 4 iyun, tong sahar. Maslahat qishlog‘i.
 
  
BUYUK YOLG’IZLIK 
 
Ulfatim uqubat, hamrohim azob,
Qorong‘u yo‘llardan o‘tdim g‘am yutib.
Zulmatda turtinib yuribman xamon,
Poyimda muz bilan qoplangan Qutb,
Chenada yuk og‘ir, itim ham o‘lgan,
Muzlab borayotir yonilg‘im - ilik.
Chaqmoqtosh yo‘qolgan, tugagan gugurt,
Qaldirab turibdi og‘zimda pilik.
Bir kuni yorishar bu qora dunyo,
Qorlarga qo‘shilib eriydi qaxr.
Qish mangu emasku, bahor ham kelar,
Dunyoda har nening cheki bor axir.
Xayr, odamsimon pingivin qushlar!
Bunda mehr noyob, muruvvat qaxat.
She’riyatning mangu muzliklaridan,
Men qazdim o‘zimga tubsiz bir lahad!
 
1996 yil, yanvar. Toshkent, Qo‘yliq daha, 6 mavze.
 

HIKMAT
 
Odamzod odamga
Oyna deydilar.
Bu to‘g‘ri, lekin,
Kulgi xonasidagi kabi
Qing‘ir oynalar ham
Bordir dunyoda.
Ularda aks etgan
Aftingni ko‘rib
Kulasan 
Ya’ni,
O’pkalab yurmaysan
Qing‘ir oynadan. 
 
26 dekabr, 2007 yil. Toronto. Kanada. Yarim tun.
 
 
AYRILDI

Judolik dashtida Odam Ato Xavvodin ayrildi,
Jami Islom eli yig‘lab Rasulullodin ayrildi.

Asl mangu muxabbat - Haq, bani odamga dil berma,
Bo‘lur ibratki Majnun ox chekib Laylodin ayrildi.

Mehr qo‘yma bu dunyo moliga, xattoki Qorun ham,
Ajal kelgach tuganmas molu mulk - dunyodin ayrildi.

Kibr kasbi La’in Iblis erur kibringni o‘ldirgil,
Necha mag‘rur qavm Iskandaru Dorodin ayrildi.

Xatarli qumbo‘ronda beaql yo‘l boshlagach karvon,
Biyobonlar aro yo‘l manzilu ma’vodin ayrildi.

Qavmlarni qilur g‘orat qilichsiz, so‘z bilan ag‘yor,
Kirib yov so‘ziga zillat eli imlodin ayrildi.

Nafs qarmog‘ida lazzat yotar aldanmagil, Vulqon,
Xo‘rakka aldanib nodon baliq daryodin ayrildi.
  
2005 yil, aprel. Maslahat qishlog‘i.
 
 
VATAN FIROQI.
(Qadrdon ukam, iste’dodli shoir Yusuf Rasulga)
 
Xaq gapni aytganim aybimmi mening? 
Nima gunoh qildim, aytinglar, netdim?
Baland qorli tog‘lar ortida qolgan,
Olis Panjikentni sog‘inib ketdim.
Onam meni tuqqan qishloqda hamon,
Alvon bulutlarga quyosh botarmi? 
Sabo duvillatib shudringin to‘kkan,
Yilg‘inzor tomonda tonglar otarmi?
Kechir, seni tashlab ketdim, bolalik,
Mustabid shoh kabi quladim taxtdan.
Umrimning kimsasiz movzoleyida,
O’zimni tutolmay yig‘ladim baxtdan.
Guvillaydi vahshiy odam o‘rmoni,
Keti ko‘rinaru ko‘rinmas boshi.
Quyoshni yong‘indan qutqarish shartmas,
Xavfli yonilg‘idir ko‘zimning yoshi.
Xotirotning ko‘xna omborlarida,
Bugun navbatchiman, uyqusiz posbon.
Quyosh manglayidan qamashdi ko‘zim 
Menga bunday boqma, kipriksiz osmon!
Oy - oqshom bo‘g‘zida o‘lmagan oxak,
Chirib ketmasaydi ko‘zlarim - deyman.
Osmon - xirmonida bulut paxtasi 
Bo‘shliqlarni yamlab, xavoni yeyman.
Panjikentga qo‘nar mehrigiyo shom,
Buyraklari toshli dalalar xasta.
Xademay ufqlarda oq xalatli tong,
Osmon grijasin yoradi asta.
 
 29.04. 2006 yil. Bishkek shahri. 
 
 
BEMOR 
(Shavkat Rahmonga ) 
 
Shifoxona tog‘ etagida,
Oyna orti o‘rmon, archalar 
Qor qoplagan olmos cho‘qqini,
Ko‘z - ko‘z qilar menga darchalar.
Chayqaladi oynaga tegib 
Qayinlarning bargi, shoxlari,
Demak, shamol esar o‘rmonda,
Ajdodlarning moviy ohlari 
Eshityapman, qizilishtonlar,
Daraxtlarni urar to‘qmoqda.
Balki hozir sigir karvoni 
Lapanglaydi olis so‘qmoqda.
Buncha uzoq sayrading, bas qil,
Qo‘ygil, meni aldama, kakku.
Qanday qilib men uzoq yashay,
Axir, mening kasalim "Rak"ku!
 
2001 yil, 22 yanvar, tunggi soat 2 dan 18 minut o‘tdi. Maslahat qishlog‘i.
 
 
 ELEGIYA 
 (Marhum do‘stim Abduvoxidning xotirasiga )
 
Zag‘izg‘on degani parishonxotir,
Jonsarak, tentakroq qushlar zodidan.
Kuzda yong‘oq ko‘mgan joyini ul qush,
Ko‘p o‘tmay chiqarib qo‘ydi yodidan.
Yong‘oq uzoq yotdi qorlar ostida,
Tortib qaxratonning qaxrli jabrin.
Olis qaldiroqlar gumbirlaganda,
Yong‘oq qad ko‘tardi qo‘porib qabrin.
Yong‘oq qabrin qanday yorib chiqdi, ayt?!
Javob bergil! - deya shamolni to‘sdim.
Biz ham axir seni ko‘mgan edikku,
Nega qabring yorib chiqmading, do‘stim?!
Unutgan edikku zag‘izg‘on kabi!
 
1999 yil, 11 fevral, yarim tun. Maslahat qishlog‘i.
 

QISHLOQ OQSHOMI 
 
Qishloq tuni chuqur 
Chuqurdir Buxoro zindoni kabi 
Men u yerga tushdim 
Zinapoyadan,
Asalari iniga 
O’xshaydi osmon.
Dalalar mast - alast,
Asal xididan.
Men yuzimni shamolga burdim.
So‘ngra meni qaritib ketgan 
Yillar so‘qmog‘idan 
Seni izladim.
Izlab bordimu negadir 
Yuz - qo‘llarimga ilashib
Yaltilladi o‘rgimchak to‘ri.
Yaltilladi oy shu’lasida 
Osmonga qaradim.
Boshimda poyonsiz yulduz to‘zoni,
Suyuqlikdan yondi 
Qo‘mir - qorchig‘ 
Cheksiz yetimlik!
 
1996 yil, sentyabr 
Maslahat qishlog‘i.
 
 
KO’ZGU QARSHISIDA 
 
Ko‘zgu - ya’ni butun vujudi 
Bittagina ko‘zdan iborat.
Hayolparast shaffof predmet 
Ana uning nigoxida 
Munchoq ko‘zlariga tashvishlar cho‘kib 
Xijratlarga shaylangan qushlar.
Yegan donlari va ichgan suvlari uchun 
Odamlardan rozilik so‘rab 
Tom ustidan aylangan qushlar.
Daraxtga suyanib 
So‘zsiz xayrlashdim 
Men qushlar bilan.
So‘ng ko‘zguga qo‘l cho‘zdim 
Chil - chil sindi ko‘zgu 
Ichdim to‘yib - to‘yib, xovuchlab 
Parchalangan ko‘zgu siniqlarini 
Xotirotning olis tumanlaridan
Sizib chiqdi notanish og‘riq.
Balki yana ko‘risharmiz.
Balki tillaqo‘ng‘iz uchganda 
Shuurimda qolgan tovush chizig‘i kabi 
Unutilajak shodlik soatlarida
Tanish qirg‘oqlarga kelarsan yana.
Tanish ko‘zgu qirg‘oqlariga.
Gigant beshiktebratarday 
Ko‘zguga qo‘l cho‘zdim, qo‘llarim iliq.
Seni ushlab qololmagan qo‘llar...
Meni kechirma Shaxzoda, meni kechirma!
Iltimos sendan.
 
1994 yil, baxor, Toshkent shahri 
 
  
VATANNI SOG’INIB 
 
Osmon - bosh chanog‘im, bulutlar - miyyam 
Oyog‘im ostida o‘ralashma, yer!
Sen xo‘kiz shoxida omonat lappak.
Ko‘ksim qafasida na’ra tortar she’r.
Yurak - yadro bomba, ipga ilingan,
Bu tog‘lar tog‘ emas, bukchaygan daxma,
Shu joyga tiriklay dafn qilingan,
Xazrati Xaqiqat alayxirrahma,
Yopig‘ini aytsam, gapning qing‘iri,
Qanotsiz uchguvchi qo‘rqinchli qushman.
Do‘stimdan ham ozroq yomonlik qilding,
Menga sadoqatsiz ekansan, dushman!
Yulduz bosib ketdi osmonni, qara,
Besh million, o‘n million, yuz million, milliard!
Sayoq sayyoralar soqqasi, bilsang,
O’yinga xozirlab qo‘yilgan billiard.
It ham yashamaydi bugun bochkada,
Butunlay o‘zgarib ketgan biogen.
Iskandar tirjayar quyoshni to‘sib,
Oltin qasrlarda yashar Diogen.
Menga yashash uchun bochka topilmas,
G’urbatda oqardi soch - soqol, murtim.
Seni men bir zum ham unutganim yo‘q,
Meni ham unutib yuborma, Yurtim!
 
2007 yil, 25 yanvar,soat 22dan 51 minut o‘tdi. Bishkek shahri.
 
 
 BAHOR TONGI 
 ( Xotinim Gulsoraga )
 
Tong oqarib Qoradaryoga,
Cho‘kib ketar oyning tovog‘i.
Ochiladi yorishgan ufqning,
Qorachig‘siz zavr qobog‘i.
Bug‘lanmoqda tuproq ikrasi,
G’amlar erir maxzun navoda.
Qaylardadir ma’raydi buzoq,
Pichan xidi suzar xavoda.
Oynalarni artasan shodon,
To‘lib - toshib sayraydi mayna.
Olmos kabi porlab, o‘rdakdek,
G’aqillaydi top-toza oyna.
Muvozanat saqlab uchasan,
Yer atalgan bahaybat sharda.
Derazalar ortida shamol,
Yelkan kabi qabargan parda.
 
1998 yil. May. Andijon shahri.
 

YO’LOVCHI 

 
Zulmatlarda ozodlikning,
Mash’alasi chorladi.
Unga tamon yursam, tunda,
Suyaklarim porladi.
Aybmidi, zulmatlarda.
Chaqmoq kabi shoxlasam?
Kengliklarda ozod esgan 
Shamollarni xoxlasam? 
Qonsiz labi sarg‘ish so‘lak,
It tishladi oyog‘im.
Oqsoqlanib ketaverdim 
She’rlar qo‘ltiqtayog‘im.
Yov yetkazgan jaroxatni 
Davoladim, tuzladim.
Ko‘z ilg‘amas olislarda,
Mamont kabi muzladim!
 
2001 yil, yanvar,choshgoh. Maslahat qishlog‘i.
 
 
TONGNI KUTIB 
 
Tumanlar qoplagan kuzgi bog‘lardek,
Hayotim xuvillab qoldiku sizsiz.
Xech kimga ko‘rsatmay ko‘z yoshlarimni 
Jimjitlik qa’riga ketaman izsiz,
Sog‘ingan bag‘rimni kemirar xijron 
Ichkizib qo‘yaman uyqumga zaxar 
Xorg‘in chiroqlarga termulib masrur,
Sizni eslagayman to subhi sahar,
Men tongda odamday yashay boshlayman 
Bog‘larga to‘lganda shodligu sayroq.
Atlas ko‘ylagingiz etaklarini 
Tongi shabbodalar qilganda bayroq.
 
1991 yil, kuz, Maslahat qishlog‘i.

YOPILGAN ADVOKATURA 
(Epifaniya)
 
Men daraxtlarni, uylarni oqlayman. Meni esa qoralaydilar. Oqu qora atalgan bu ikki ziddiyatli tushuncha aro odamlarga hayrat va umid bilan elovrab qarayman.
Men oqlasam ular qoralaydilar. Qoralovchilar buncha ko‘p bo‘lmasa deyman o‘zimga o‘zim. So‘ng birdan advakatim yodimga tushadi. O’pkam to‘lib xo‘rligim keladi.
Qanday yaxshi advokat ediya, raxmatli - deyman. Ba’zan uning yopib qo‘yilgan advokaturasiga borib ostonasiga gulchanbar qo‘yib kelsammikin - deya o‘ylab ketaman.
Eh, pora olmaydigan, sotilmaydigan mening mehribon advokatim - jafokash onam!
 
11.06.2005 yil. Kunduz soat 4 dan 25 minut o‘tdi. Andijon.


DEVONA
(Doniyor Samadovga)
 
Daraxtlar g‘o‘dayar xoda yutganday,
Chivinlar vizillab eshakni quvlar.
Tirjaya boshlaydi negadir g‘uncha,
Aqldan ozadi qiqirlab suvlar.
Qozonga berkinding ulardan qochib,
Og‘rib ketsa hamki bukilgan tizzang.
Qozonning ostida vaxshiy alanga,
Qopqoq berk. qozonda qoraygan jizzang.
 
2004 yil,21 fevral, shanba. Kech soat
15 minut kam 5. Maslahat qishlog‘i.
 

BAHOR YOMG’IRI 
(Epifaniya)
 
Ayvonda o‘tirganimcha yaqinlashib kelayotgan qora bulutlarni kuzataman. Nazarimda bulutlar bahor shamollarida dengiz to‘lqinlari kabi shovullayotgan yam - yashil daraxtlarga tegib o‘tayotganday tuyuladi.
Qishloqning mo‘rili, oqlangan uylari esa to‘fonda qolgan kemalarga, afsonaviy flotiliyaga o‘xshaydi. Uylarning teleantenalari, kaptar xavozalari machtalardek chayqaladi. Bu orada shamol yana kuchaydi. Yomg‘ir ham endi sharros quya boshladi. Men yomg‘ir shovqiniga quloq solaman. Ko‘chadan avtomobillar vishillab o‘tadi. Bulutlar shu qadar quyuqlashdiki, atrof qorong‘ilashib ketdi. Chaqmoqlar yomg‘irli qishloqni har tamondan suratga olayotgan fotografga o‘xshaydi. Men chaqmoq nurida sening gulgun yuzlaringni va soyaboningni ko‘rishga ulgurdim. Xayron qolarli darajada zaxarli qo‘ziqorin "Muxomor"ga o‘xshash qizil soyaboningni.
Mening uyim yam - yashil, qalin daraxtzorlar to‘lqiniga g‘arq bo‘layotir.
Men tryumda qolib ketgan g‘ofil dengizchi kabi tobora yashillik qa’riga cho‘kib borayapman.
POLUNDRA - A -A -A -A!
 
1997 yil, 10 may, kunduz soat 4 dan 25 minut o‘tdi. Maslahat qishlog‘i.
 
 
RAMAZON MUBORAK
 
Umr shoshqin daryo ekan, soy ekan,
Bu oy "Qur’on" nozil bo‘lgan oy ekan,
Ro‘za tutgan zot iymonga boy ekan 
Mo‘‘min - musulmonlar, ro‘za muborak!
Qabul qilsin Subhon Olloh Taborak.
 
Ro‘za bizga yordam qo‘lin uzatmish,
Takabburlar axloqini tuzatmish.
Rasululloh yig‘lab uni kuzatmish 
Mo‘‘min - musulmonlar, ro‘za muborak!
Qabul qilsin Subhon Olloh Taborak.
 
Miskinlarni boy yedirib ichirsin 
Arazlashgan bir - birini kechirsin 
Olloh olov kamzullarni yechirsin 
Mo‘‘min - musulmonlar, ro‘za muborak!
Qabul qilsin Subhon Olloh Taborak.
 
Bo‘lsang uyda, xox dalada, adirda,
Uxlab yotma sen Laylatulqadrda.
Bu tun hatto ruhlar yotmas qabrda 
Mo‘‘min - musulmonlar, ro‘za muborak!
Qabul qilsin Subhon Olloh Taborak.
 
Ro‘zamizni Olloh uchun tutaylik,
Bu dunyodan Iymon bilan ketaylik,
Mangu xuzur - xalovatga yetaylik,
Mo‘‘min - musulmonlar, ro‘za muborak!
Qabul qilsin Subhon Olloh Taborak.

Четверг, 25.04.2024, 04:45
Приветствую Вас Мехмон
Главная | Регистрация | Вход
Facebookдаги адрес
Меъморий обидалар
Ўзбеклар Уюшмаси
Сайт бўйлаб излаш
Статистика

Онлайн всего: 1
Гостей: 1
Пользователей: 0

Copyright MyCorp © 2024
Сделать бесплатный сайт с uCoz